
Geely Galaxy Cruiser yo‘ltanlamasini Yevropa bozoriga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Autocar ma’lum qildi. Model avvalo Buyuk Britaniyada sotuvga chiqariladi.
Galaxy Cruiser Land Rover Defender va Mercedes-Benz G-Class’ga to‘g‘ridan to‘g‘ri raqib sifatida joylashtirilmoqda. Avtomobil ilk bor o‘tgan yili Shanxay avtosalonida konsept ko‘rinishida namoyish etilgan.

Geely dizayn-studiyasi rahbari Flavyen Dachetga ko‘ra, loyiha ishlab chiqishning yakuniy bosqichida. Model seriyali ishlab chiqarishga yaqin. Xitoyda sotuvlar joriy yil oxirigacha boshlanishi rejalashtirilgan. Eksport sanalari hozircha ochiqlanmadi.
Galaxy Cruiser SEA-R platformasiga quriladi. Ushbu arxitektura Zeekr 9X’da ham qo‘llaniladi. Uning o‘zgartirilgan talqini Lotus Eletre PHEV gibridida ham ishlatiladi.
Konsept mustaqil faol osma tizimi bilan jihozlangan. Har bir g‘ildirak alohida boshqariladi. Mashinada steer-by-wire va brake-by-wire tizimlari bor. Yo‘ltanlama 800 mm chuqurlikdagi suv to‘siqlaridan o‘ta oladi.

Shuningdek, avtomobil sun’iy intellekt elementlariga ega yordamchi tizimlar bilan ta’minlangan. Ular yo‘l holatini tahlil qiladi va xavf haqida ogohlantiradi. Tizimlar bevosita boshqaruvga aralashmaydi.
Seriyali Galaxy Cruiser gibrid kuch qurilmasi bilan chiqishi kutilmoqda. U 2,0 litrli turbo dvigatel va elektromotorlarga asoslangan to‘liq uzatma tizimiga ega bo‘ladi. Elektr rejimidagi yurish masofasi CLTC sikli bo‘yicha 350 km gacha yetishi mumkin. Buning uchun 70 kVt·soatli batareya qo‘llaniladi.
Quvvat ko‘rsatkichlari hozircha e’lon qilinmagan. Taqqoslash uchun, Zeekr 9X 1 381 ot kuchiga ega. Lotus Eletre PHEV’da esa 912 ot kuchi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely Galaxy Cruiser modeli 2026-yil oxirigacha sotuvga chiqarilishi haqida yozgan edi.