
19-25-yanvar kunlari O‘zbekiston hududlarida havo asosan o‘zgaruvchan bo‘lishi kutilmoqda. Ayrim viloyatlarda qor yog‘ishi, ba’zi joylarda esa tuman tushishi mumkin. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida yog‘ingarchilik deyarli kuzatilmaydi, faqat 21-yanvar kuni ayrim hududlarda qor yog‘ishi ehtimoli bor. Kechalari havo harorati 5–13 daraja sovuq, kunduzlari esa 1–6 daraja sovuqdan 2–3 daraja iliqqacha bo‘ladi.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida haftaning ayrim kunlarida, xususan 21 va 25-yanvarda qor yog‘ishi mumkin. Navoiy viloyatining shimoliy hududlarida sovuq kuchliroq bo‘lishi tahmin qilinmoqda.
Toshkent, Samarqand, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida 21-yanvar kuni yomg‘ir va qor aralash yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin. Qolgan kunlarda havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat kechalari 0–7 daraja sovuq, kunduzlari 0–5 daraja iliq atrofida saqlanadi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 21–22-yanvar kunlari ayrim joylarda yomg‘ir va qor yog‘ishi mumkin. Kunduzgi harorat ba’zi kunlari 10 daraja iliqqacha ko‘tariladi.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 19-yanvar kuni ayrim joylarda biroz qor yog‘adi, keyingi kunlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘adi. 19-yanvar kuni qor ko‘chishi xavfi mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan havo sovuqligi munosabati bilan energiya tizimi kuchaytirilgan rejimga o‘tkazilishi haqida yozgandi.