
Honor kompaniyasi rasmiy ravishda yangi yupqa va ixcham flagman smartfoni – Honor Magic 8 Pro Air’ni taqdim etdi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.
Qurilma korpusining qalinligi atigi 6,1 mm bo‘lib, u iPhone Air va Samsung Galaxy S25 Edge’dan biroz qalinroq, ammo farq millimetrlar bilan o‘lchanadi.

Shu bilan birga, smartfon 5500 mA·soat sig‘imli kremniy–uglerodli akkumulyator bilan jihozlangan. Bu ko‘rsatkich Galaxy S25 Ultra va iPhone 17 Pro Max’dagidan ham yuqori. Qurilma 80 Vt simli va 50 Vt simsiz tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Honor Magic 8 Pro Air’ning asosiy ustunliklaridan biri – katta batareya, biroq bu yagona yangilik emas. Smartfon yangi avlod MediaTek Dimensity 9500 flagman protsessori asosida ishlaydi va unumdorlik bo‘yicha avvalgi avlod flagmanlari, jumladan Galaxy S25 Ultra’ni ham ortda qoldiradi.

Smartfon 6,31 dyuymli ixcham displeyga ega. Ekran 1,5K aniqlik, 120 Gts yangilanish chastotasi va 6000 nitgacha maksimal yorqinlikni ta’minlaydi. Shuningdek, u ko‘z uchun qulay bo‘lib, 4320 Gts PWM chastotasi tufayli miltillashsiz ishlaydi.
Kamera tizimi uch moduldan iborat:
— asosiy va ultra keng burchakli kameralar 50 MP;
— 3,2 karra optik zumga ega periskop kamera – 64 MP.
Asosiy sensor yirik bo‘lib, 1/1,3 dyuym optik formatga ega (Magic 8 Pro darajasida). Old kamera ham 50 MP.

Honor Magic 8 Pro Air IP69 darajasida chang va suvdan himoyalangan, NFC moduli mavjud. Qurilmaning o‘lchamlari – 150,5×71,9×6,1 mm, vazni esa atigi 155 gramm. Smartfon qutidan Android 16 va MagicOS 10 interfeysi bilan chiqadi.
Narxlar:
- 12/256 GB — $720;
- 12/512 GB — $760;
- 16/512 GB — $805;
- 16 GB / 1 TB — $860.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Honor 2025-yilda 70 milliondan ortiq smartfon sotgani haqida yozgandi.