Ispaniyada ikki poyezd to‘qnashib ketdi — qurbonlar bor

eʼlon qilindi
100 ga yaqin odam jarohat olgan
Ispaniyada ikki poyezd to‘qnashib ketdi — qurbonlar bor / Foto: Reuters

Ispaniyaning janubida ikki poyezd ishtirokida sodir bo‘lgan temiryo‘l halokati oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘ldi, ko‘plab odamlar jarohat oldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Voqea 2026-yil 18-yanvar kuni Kordoba viloyatidagi Adamuz shahri yaqinida yuz berdi. Malaga–Madrid yo‘nalishidagi yuqori tezlikdagi Iryo poyezdi relsdan chiqib, qo‘shni yo‘ldan kelayotgan Madrid–Uelva yo‘nalishidagi Renfe kompaniyasiga qarashli Alvia poyezdi bilan to‘qnashdi. Natijada ikkala poyezd ham relsdan chiqib ketdi.

Foto: Reuters

Transport vaziri Oskar Puente halokat sababi hozircha noma’lum ekanini ma’lum qildi va ushbu temiryo‘l qismi 2025-yil may oyida ta’mirlanganini bildirdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halokat oqibatida kamida 21 kishi halok bo‘lgan, 100 ga yaqin odam jarohat olgan, ulardan 25 nafari og‘ir ahvolda. Halok bo‘lganlar orasida poyezd haydovchisi ham bor.

Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 18:40 da, Iryo poyezdi Kordobadan Madrid tomonga yo‘l olganidan taxminan 10 daqiqa o‘tib sodir bo‘lgan. Iryo poyezdida 300 dan ortiq, Renfe poyezdida esa qariyb 100 nafar yo‘lovchi bo‘lgan.

Renfe kompaniyasi o‘z poyezdi relsdan chiqishiga Iryo poyezdi yo‘liga chiqib ketgani sabab bo‘lganini bildirdi. Har ikki kompaniya favqulodda xizmatlar bilan hamkorlikda yo‘lovchilarni evakuatsiya qilib, jabrlanganlarga yordam ko‘rsatmoqda.

Halokat tufayli Madrid va Andalusiya o‘rtasidagi barcha temiryo‘l qatnovlari vaqtincha to‘xtatildi. Hodisa bo‘yicha rasmiy tergov ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikada poyezd relsdan chiqishi oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan edi.

Shuningdek