Ispaniyada poyezd halokati qurbonlari 39 kishiga yetdi

Ispaniyaning Kordova provinsiyasida, Adamuz shahri yaqinida yuz bergan yirik temiryo‘l halokati qurbonlari 39 kishiga yetdi. Rasmiylar qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayotganini va qurbonlar soni o‘zgarishi mumkinligini bildirmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Malaga—Madrid yo‘nalishida harakatlanayotgan Iryo kompaniyasiga qarashli poyezd relsdan chiqib ketgan va qarama-qarshi yo‘nalishdagi yo‘lga o‘tib qolgan. Oqibatda u yerda harakatlanayotgan Madrid—Uelva yo‘nalishidagi Renfe davlat poyezdi bilan to‘qnashuv yuzaga kelgan.

Rasmiylar hozirga qadar kamida 39 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi, ular orasida poyezd mashinisti ham bor. Shuningdek, 70 dan ortiq yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Fojia sababli Madrid va Andalusiya o‘rtasidagi mamlakatning eng gavjum temiryo‘l yo‘laklaridan birida harakat to‘liq to‘xtatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniyada ikki poyezd to‘qnashib ketgani haqida xabar bergan edi.