Yangiliklar

Pokistondagi savdo markazida yuz bergan yong‘in oqibatida 19 kishi halok bo‘ldi

Vayronalar ostidan 60 dan ortiq bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlari davom etmoqda
Foto: WRAL

Pokistonning Karachi shahrida joylashgan Gul Plaza savdo markazida sodir bo‘lgan yirik yong‘in oqibatida kamida 19 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Shanba kuni kechqurun boshlangan yong‘in 24 soatdan ortiq vaqt davomida 1,2 mingta do‘kon joylashgan majmuani o‘z domiga tortdi. Dushanba kuniga kelib bino konstruksiyalarining katta qismi qulab tushdi, bu esa beqaror vayronalar orasida ishlayotgan qutqaruvchilar faoliyatini qiyinlashtirmoqda.

Foto: The Quint

«Alkhidmat» ofatlarni boshqarish agentligi vakili Sarfraz Shayxning so‘zlariga ko‘ra, binodan tirik qolganlarni topish imkoniyati deyarli mo‘jizaga teng. Fojia joyida to‘plangan yuzlab odamlar yaqinlaridan xabar kutmoqda, do‘kon egalari esa yigirma yillik mehnatlari bir kechada kulga aylanganidan shikoyat qilmoqda.

Sind provinsiyasi bosh vaziri Murod Ali Shoh hodisa yuzasidan tergov o‘tkazilishini va barcha aybdorlar jazolanishini ma’lum qildi. Politsiya boshlig‘i dastlabki taxminlarga ko‘ra yong‘in elektr nosozligi tufayli kelib chiqqanini bildirgan bo‘lsa-da, rasmiy sabab hali to‘liq tasdiqlanmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tashkent City Mall’da yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi.