
Yaponiyalik muhandislar afsonaviy Mazda Autozam AZ-1 modelini tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirib, mitti kuzovga mashhur RX-7 sportkarining kuchli rotorli dvigatelini o‘rnatishdi. Avtomobil Tokyo Auto Salon 2026 ko‘rgazmasida namoyish etildi.
Mazda Autozam AZ-1 o‘z vaqtida atigi 64 ot kuchiga ega, 660 kub santimetrli motor bilan jihozlangan mitti shahar avtomobili edi. Biroq yangi loyihada uning dvigateli butunlay almashtirildi. Endilikda avtomobilga Mazda’ning afsonaviy 13B rotorli dvigateli o‘rnatildi.

Loyiha mualliflarining so‘zlariga ko‘ra, dvigatel Mazda RX-7 modelidan olingan bo‘lib, unga RX-8 modelining rotorlari, yangilangan yonilg‘i purkash tizimi va Link ECU boshqaruv bloki o‘rnatilgan. Natijada, ushbu yengil mashina quvvati 402 ot kuchiga (300 kVt) yetishi kutilmoqda. Bu zavod versiyasidan salkam 6 barobar ko‘p deganidir.

Hozircha ushbu avtomobil prototip bosqichida bo‘lib, umumiy foydalanishdagi yo‘llarda harakatlanishi taqiqlangan, ammo u muhandislik mo‘jizasi sifatida baholanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mazda CX-5 avtomobilining sotuvi boshlangani haqida xabar bergan edi.