
Germaniyaning Mercedes-Benz kompaniyasi Dubayda ko‘chmas mulk bo‘yicha yirik va noodatiy loyihani e’lon qildi. Deezen nashrining xabar berishicha, kompaniya Dubayning Meydan tumanida umumiy maydoni qariyb 836 ming kvadrat metrni tashkil etadigan ulkan turar-joy majmuasini barpo etadi.

Loyiha Mercedes-Benz Places Binghatti City deb nomlanib, shahar ichidagi shahar konsepsiyasi asosida amalga oshiriladi. Majmua jami 13 mingdan ortiq xonadonni o‘z ichiga olgan 12 ta turar-joy osmono‘par binosidan iborat bo‘ladi.

Majmua hududida savdo markazlari, sport va sog‘lomlashtirish maskanlari hamda kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan barcha infratuzilma obyektlari joylashtiriladi. Loyiha markazida balandligi 341 metr bo‘lgan Vision Iconic osmono‘par binosi qurilishi rejalashtirilgan.

Markaziy bino atrofida taqa shaklida joylashadigan boshqa binolarning balandligi markazdan uzoqlashgan sari bosqichma-bosqich pasayib boradi. Qayd etilishicha, 12 ta osmono‘par binoning har biri Mercedes-Benz modellari sharafiga nomlanadi — Vision Iconicdan tortib Vision Maybach 6’gacha.
Fasadlar va ichki makon dizayni Mercedes-Benz’ning o‘ziga xos dizayn falsafasi asosida ishlab chiqiladi. Binolar mashhur Mercedes radiator panjarasi uslubidagi gorizontal podiumlar, kumush va xromlangan bezak elementlari bilan ajralib turadi.

Turar-joy xonadonlarida esa yog‘och va teri materiallari ko‘p qo‘llanilgan qora-kulrang ranglar ustunlik qiladi. Fasadlardagi Mercedes-Benz logotiplari esa majmuaning yagona vizual qiyofasini yanada boyitadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mercedes-Benz GLC noodatiy salon bilan taqdim etilishi haqida yozgandi.