Mett Deymon va Ben Afflek Netflix strategiyasini tanqid qildi

Mashhur aktyorlar Mett Deymon va Ben Afflek Jo Rogan podkastida mehmon bo‘lib, Netflix platformasi filmlarni suratga olishda qanday o‘ziga xos strategiyadan foydalanishini, nega filmlar sifati o‘zgarib borayotganini tushuntirib berdi.
Mett Deymonning so‘zlariga ko‘ra, Netflix rahbariyati strimingdagi tomosha jarayoni kinoteatrdagidan keskin farq qilishini juda yaxshi tushunadi. Odatda tomoshabinlar filmlarni fon sifatida yoki uy ishlari bilan shug‘ullangan holda ko‘rishadi. Aktyorning ta’kidlashicha, e’tiborsiz tomoshabin voqealar rivojidan tushib qolmasligi uchun ssenariylarga maxsus o‘zgartirishlar kiritiladi.
«Netflix ijodkorlardan syujetning asosiy mazmunini dialoglar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri 3–4 marta takrorlashni talab qiladi. Maqsad — telefoniga chalg‘igan tomoshabin ham nima bo‘layotganini tushunib yetishidir», — deydi Deymon.
Avvallari jangari filmlarda eng katta mablag‘ va e’tibor finaldagi hal qiluvchi jangga qaratilar edi. Hozir esa talab boshqacha. Endi studiyalar dastlabki 5 daqiqada tomoshabinning e’tiborini tortishni istaydi. Odamlar o‘z ishlari bilan chalg‘ib ketmasidan oldin ularni qiziqtirib olishni xohlashadi.
Shuningdek, rejissyorlarda vizual go‘zallik va tasvir sifati ustida ishlash uchun rag‘bat kamaygan. Chunki aksariyat auditoriya filmlarni noutbuk yoki smartfonlarning kichik ekranlarida tomosha qiladi, bu esa yuqori sifatli tasvirni talab qilmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Kalmar o‘yini» muallifi Netflix uchun yangi serial ustida ishlayotgani haqida xabar bergan edi.