Sport

Nodirbek Abdusattorov Tata Steel Chess turnirida prinsipial raqibini mag‘lub etdi

Foto: Vikipediya

Niderlandiyaning Veyk-an-Zee shahrida davom etayotgan Tata Steel Chess-2026 turnirining 2-turida Nodirbek Abdusattorov oq donalarda o‘ynab, hindistonlik kuchli raqibi ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi.

Umumiy sovrin jamg‘armasi $1,2 mln dan ortiqni tashkil etuvchi ushbu musobaqa shaxmat olamida eng nufuzli turnirlardan biri hisoblanadi. Masters guruhida ishtirok etayotgan Nodirbek Abdusattorov 2-turda o‘zining azaliy raqiblaridan biri hindistonlik Rameshbabu Praggnanandhani mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: tatasteelchess.com

Ushbu g‘alaba evaziga hamyurtimizning ochkolari soni 1,5 taga yetdi va u qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra turnir jadvalida 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Ayni paytda peshqadamlikni 1,5 ochko bilan AQSh vakili Hans Niemann egallab turgan bo‘lsa, hindistonlik Arjun Erigaisi kuchli uchlikni yakunlab turibdi. Eslatib o‘tamiz, Abdusattorov 1-turda turkiyalik 14 yoshli iqtidor egasi Yag‘is Kaan Erdog‘mus bilan durang o‘ynagan edi.

Turnirdagi yana bir vakilimiz Javohir Sindorov esa 2-turda niderlandiyalik Anish Giri bilan murosaga keldi. 1-turda amaldagi Jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan durang qayd etgan Sindorov hisobida hozircha 1 ochko mavjud bo‘lib, u 11-pog‘onani band etgan.

Foto: chess.com

Muvaffaqiyatli yurishdan so‘ng Nodirbek Abdusattorovning FIDE reytingida 7-o‘ringa ko‘tarildi. Ma’lumot uchun, 21 yoshli grossmeyster o‘tgan yilgi musobaqada 3-o‘rinni egallagan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nodirbek Abdusattorov Freestyle shaxmat bo‘yicha jahon chempionatiga yo‘llanma olgani haqida xabar bergan edi.