O‘zbekiston elchisiga BAA tomonidan «Mustaqillik» ordeni topshirildi

Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Naḥayon O‘zbekiston Respublikasining ushbu davlatdagi elchisi Abdulaziz Oqqulovni elchilik faoliyati yakunlanishi munosabati bilan Birinchi darajali «Mustaqillik» ordeni bilan taqdirladi. Bu haqda Gulf Today nashri xabar berdi.
Yuksak mukofot BAA Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Davlat vaziri Said bin Muborak Al-Hajriy tomonidan topshirildi. Suhbat chog‘ida vazir BAA O‘zbekiston bilan barcha sohalarda munosabatlarni mustahkamlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Shuningdek, Al-Hajriy elchiga kelgusi faoliyatida muvaffaqiyat tilab, uning vakolati doirasida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishdagi o‘rnini yuqori baholadi. O‘z navbatida, Oqqulov BAA prezidenti va rahbariyatga chuqur minnatdorlik bildirib, mamlakatning jahon miqyosidagi mavqeyini mustahkamlashga intilayotgan taraqqiyot va yutuqlarni e’tirof etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Falastinning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlangani haqida xabar bergan edik.