O‘zbekistonda sil va o‘pka kasalliklariga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yiladi

eʼlon qilindi
2026-yilda sun’iy intellekt bilan jihozlangan 40 ta mobil rentgen uskunasi hududlarga yetkaziladi
O‘zbekistonda sil va o‘pka kasalliklariga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yiladi
O‘zbekistonda sil va o‘pka kasalliklariga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yiladi / Foto: depositphotos

O‘zbekistonda endilikda sil va o‘pka kasalliklariga sun’iy intellekt yordamida tashxis qo‘yiladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida zamonaviy texnologiyalar asosida tashxis va davolash usullari joriy etilmoqda.

Markaz direktori Nargiza Parpievaning ta’kidlashicha, o‘tgan yili mamlakatda sil bilan kasallanish ko‘rsatkichi 3,7 foizga kamaygan. Bunga markaz va uning Farg‘ona viloyati filialida joriy etilgan «BD MAX» nomli ilg‘or tashxis usuli muhim hissa qo‘shgan. Ushbu to‘liq avtomatlashtirilgan molekulyar-diagnostika qurilmasi sil mikobakteriyasini PZR usulida 2–3 soat ichida aniq aniqlash imkonini beradi hamda inson omilini kamaytirib, bioxavfsizlikni oshiradi.

Bundan tashqari, ko‘p dorilarga chidamli sil shakllarida 6 oylik qisqa davolash kurslari qo‘llanilmoqda. Bu bemorlarning tezroq sog‘ayishiga va hayot sifatining yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.

O‘tgan yili barcha viloyatlar, olis va chekka hududlarda «O‘pka salomatligi» mobil brigadalari ultrako‘chma rentgen apparatlari, sun’iy intellekt asosidagi tashxis tizimlari va «GeneXpert» uskunalari bilan jihozlandi. Umuman olganda, 2025-yil davomida markazda 12 turdagi yangi diagnostika va davolash usullari amaliyotga joriy etildi.

Shuningdek, murakkab jarrohlik amaliyotlari, jumladan, bo‘g‘imlardagi sil asoratlarini bartaraf etish va urologik operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi. Bu yutuqlarga markaz mutaxassislarining Daniya, Xitoy, Rossiya va boshqa davlatlarda malaka oshirib qaytgani ham katta ta’sir ko‘rsatdi.

Markaz Xitoy, Belarus, Latviya, Niderlandiya va Qozog‘istonning yetakchi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik memorandumlarini imzolagan. O‘tgan yili bu yerda 125 nafar xorijiy fuqaro davolangan, ularning aksariyatiga yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.

2026-yilda sun’iy intellekt bilan jihozlangan yana 40 ta mobil rentgen uskunasini respublikaning rеspirator kasalliklar ko‘p uchraydigan hududlariga yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu texnologiyalar orqali barcha ma’lumotlar yagona elektron reyestrda jamlanib, kasalliklarni tahlil qilish va oldindan prognozlash imkoniyati yaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga grant asosida 100 ta zamonaviy tez yordam avtomashinasi yetkazib berilishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek