
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistondagi birlamchi avtomobil bozori holati yuzasidan tahliliy sharh taqdim etdi. Unda mahalliy va import ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillar savdosi, shuningdek, elektromobillar bozoridagi o‘zgarishlar aks ettirilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda yangi yengil avtomobillar savdosi 5,2 foizga oshib, qariyb 370 ming donani tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori faollik Sirdaryo (45 foiz), Toshkent viloyati (36 foiz), Namangan (26 foiz) va Qashqadaryo (21 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, Toshkent shahri, Navoiy va Xorazm viloyatlarida savdo hajmi kamaygani kuzatildi.
Yil davomida mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi 315 ming donadan oshdi. Import avtomobillar segmentida esa sotuvlar hajmi taxminan 53,3 ming donani tashkil etdi. Bu ichki bozor hanuz asosan mahalliy ishlab chiqarish hisobiga shakllanayotganini ko‘rsatadi.

2025-yilda elektromobillar bozori eng tez o‘sayotgan segmentga aylandi. Yangi elektromobillar savdosi 35 foizga oshib, 40,7 ming donaga yetdi. Aynan ushbu segment umumiy bozor o‘sishining asosiy drayverlaridan biri bo‘ldi.
Hududiy tahlilga ko‘ra, elektromobillar savdosining katta qismi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda 29 mingta elektromobil sotilgan bo‘lib, bu umumiy hajmning 71 foizini tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati, Toshkent viloyati va Qashqadaryo viloyati qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangilangan Chevrolet Cobalt sinovdan o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, yangilanishlar asosan salon, texnik yechimlar va harakat sifati bilan bog‘liq.