
Rossiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik haydovchilarga vaqtinchalik bo‘lish muddati uzaytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 17-yanvar kuni O‘zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov elchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, hozirda amalda bo‘lgan 90 kunlik muddat yuk mashinasi haydovchilari uchun yetarli emas. Xususan, Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida joylashgan va asosan Rossiyaga mahsulot eksport qiluvchi Lazar Natural Fruits Export kompaniyasi vakili haydovchilar belgilangan limitni tezda tugatib qo‘yayotgani va shu sababli Rossiyaga kira olmayotganini bildirgan.
Elchi Asadovning aytishicha, ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib borgan. Natijada Rossiya hukumati Ichki ishlar vazirligiga tegishli qonunchilikka o‘zgartirish kiritish va haydovchilar uchun 180 kunlik tartibni qayta joriy etish bo‘yicha topshiriq bergan.
«Hozirda ushbu o‘zgartirishlar ishlab chiqilmoqda. Qonunchilikni o‘zgartirish biroz vaqt talab qiladi, biroq yaqin orada bu masala hal bo‘lishiga umid qilamiz. Eski tartib faqat haydovchilar uchun qayta joriy etiladi. Shu bilan birga, haydovchi ekanini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish bo‘yicha yangi talablar ham paydo bo‘ladi», – dedi diplomat.
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov esa Rossiyaning tegishli idoralariga qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilguniga qadar o‘zbekistonlik haydovchilarga nisbatan hech qanday choralar ko‘rmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, hozircha Rossiya hududida haydovchilar faoliyatiga to‘sqinlik qilinmayapti.
Shu bilan birga, tadbirkorlar amalda belgilangan muddatdan oshib ketgan haydovchilarga Rossiyaga kirish taqiqlanayotgani, ayrim holatlarda esa mamlakatdan chiqarib yuborish xavfi mavjudligini qayd etgan.
Asadovning aytishicha, 2025-yil oxiriga kelib ko‘plab haydovchilarning bo‘lish muddati tugagan, biroq yangi yil boshidan ushbu limit yangilangan. U amaldagi muddat yakuniga qadar zarur o‘zgartirishlar qabul qilinishiga umid bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada tibbiy ma’lumotnomani soxtalashtirgan migrantlar 4 yilgacha qamalishi mumkinligi haqida yozgandi.