O‘zbekistonliklar uchun AQSh vizasini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlandi

eʼlon qilindi
Qanday shartlar qo‘yish Amerika hukumatining ichki siyosatiga bog‘liq
O‘zbekiston va AQSh hamkorligi
Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

O‘zbekiston fuqarolari uchun Qo‘shma Shtatlar vizasini soddalashtirish bo‘yicha muzokaralar boshlangan. Bu haqda O‘zbekistonning Amerikadagi elchisi Furqat Siddiqov Daryo.uz’ga ma’lum qildi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, aholi uchun AQSh viza rejimini yengillashtirish borasida muntazam harakat ketmoqda. U kutilgan natijaga erishish esa oson kechmasligi tabiiy holat ekanini ta’kidlagan.

«AQShga vizasiz kirishga erishish uzoq vaqt talab etadigan jarayon. Lekin bu bo‘yicha muzokaralar olib boryapmiz. Albatta, qanaqa viza rejimini joriy etish, qanday shartlar qo‘yish Amerika hukumatining ichki siyosatiga bog‘liq», – dedi elchi.

Siddiqovning qo‘shimcha qilishicha, hozirda nafaqat AQShga, balki Braziliya, Kanada va boshqa davlatlarga ham o‘zbekistonliklarning vizasiz borishini ta’minlash borasida muntazam muzokaralar davom etmoqda.

Diplomat 2026-yil yanvar oyi yakunidan O‘zbekistonda amerikaliklar uchun 30 kungacha bo‘lgan vizasiz rejim joriy qililishini ma’lum qildi. Buning natijasida mamlakatga okean ortidan keluvchi sayyohlar soni uch baravar ortishi kutilmoqda.

15-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Siddiqovga Qo‘shma Shtatlardagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro‘yxatiga O‘zbekistonni kiritish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish topshirilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Davlat departamenti 75 mamlakat, jumladan, O‘zbekiston uchun ham immigratsiya vizalarini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgandi.

Shuningdek, «Kursiv» Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanovga tayanib, o‘zbekistonliklar uchun AQSh vizalari olishda o‘zgarish yo‘qligi haqida yozgandi.

Shuningdek