
Qozog‘istonning Olmaota viloyatidagi ko‘p tarmoqli klinik shifoxonasida multiorgan donorlik jarayoni amalga oshirildi. 1979-yilda tug‘ilgan va miya o‘limi qayd etilgan bemorning yaqinlari roziligi bilan uning a’zolari transplantatsiya uchun olindi. Bu haqda Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shifokorlar konsiliumi xulosasiga ko‘ra bemorda miya o‘limi tasdiqlangach, uning qarindoshlari o‘limdan keyingi donorlikka ruxsat berishgan. Jarayon Transplantatsiya va yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika markazi tomonidan tashkillashtirildi. Donordan ikkita buyrak, yurak, jigar va ko‘z shox pardalari olinib, zudlik bilan ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga yetkazilgan.

Barcha organlarni, jumladan, yurak, jigar, buyraklar va shox pardalarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotlari muvaffaqiyatli yakunlandi. Natijada respublika kutish ro‘yxatida turgan bemorlarga, shu jumladan, bir nafar bolaga tibbiy yordam ko‘rsatildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi marhumning yaqinlariga ko‘rsatgan jasorati va boshqalar hayotini saqlab qolishga qo‘shgan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2025-yil yakuni holatiga Qozog‘istonda 4,5 ming nafar bemor, jumladan, 123 nafar bola transplantatsiya kutish ro‘yxatida turibdi. Bemorlarning 90 foizdan ortig‘i buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotiga muhtoj.
Avvalroq Kursiv Uzbekiston inson a’zolarini transplantatsiya qilish bo‘yicha yangi qonun qabul qilingani haqida xabar bergan edi.