
Realme P4 Power smartfoni Geekbench bazasida paydo bo‘ldi. Model 10 000 mA/soat sig‘imli batareya bilan chiqishi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina xabar berdi.
Test natijalariga ko‘ra, qurilma MediaTek Dimensity 7400 platformasida ishlaydi. Chipset nomi bevosita ko‘rsatilmagan. Biroq unumdorlik ko‘rsatkichlari aynan shu SoC’ga mos keladi. Buni ilgari Digital Chat Station insayderi ham aytgan edi.
Geekbench sinovida smartfon bir yadroda 1 075 ball, ko‘p yadroda esa 2 919 ball to‘pladi. Testdan o‘tgan nusxa 12 GB tezkor xotira bilan jihozlangan. Bu yuqori konfiguratsiya bo‘lishi mumkin.

Avvalroq tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Realme P4 Power 1.5K aniqlikdagi ekran oladi. Qurilma IP69 darajasida suvdan himoyalangan bo‘ladi. Smartfonning vazni 218 gramm etib ko‘rsatilgan.
Rasmiy taqdimot sanasi hozircha e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Realme 16 Pro+’ smartfoni 6-yanvarda taqdim etilishi haqida yozgan edi.