
Xiaomi yangi Redmi K100 va Redmi K100 Pro Max modellari ustida ishlamoqda. Bu haqda XiaomiTime ma’lum qildi.
Redmi K100 qurilmasi ichki tizimda athens kod nomi bilan qayd etilgan. Uning katalog raqami Q11. Redmi K100 Pro Max esa songyuan kod nomiga ega. Ushbu model Q11X indeksi bilan belgilangan.
Manbada aytilishicha, bu ma’lumotlar HyperOS kodlarida aniqlangan. Odatda bunday belgilar smartfon rasmiy taqdimotidan ancha oldin paydo bo‘ladi.

Xiaomi nomlash tizimini ham o‘zgartirmoqda. Oldingi flagmanlarda «U» belgisi ishlatilgan. K90 seriyasidan boshlab Pro Max nomi joriy etildi. Shunga mos ravishda indeksdagi harf «X» ga almashtirilgan.
Yangi modellarning faqat Xitoy bilan cheklanib qolmasligi aytildi. Ular global bozorda Poco brendi ostida sotuvga chiqadi. Redmi K100 modeli Poco F9 Pro nomini oladi. Redmi K100 Pro Max esa Poco F9 Ultra sifatida taqdim etiladi.
Har ikkala smartfon yuqori unumdor chipsetlarga ega bo‘ladi. Qurilmalar Qualcomm’ning yangi avlod flagman platformasida ishlashi kutilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, bu Snapdragon 8 Elite Gen 6 bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Redmi Turbo 5 Max Xitoyda oldindan buyurtma uchun ochilgani haqida yozgan edi.