Yangiliklar

Sea Breeze Uzbekistan bo‘yicha jamoatchilik eshituvlari qachon bo‘lishi aytildi

Loyiha doirasida Chorvoqda zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etish rejalashtirilgan
Sea Breeze
Foto: Kursiv Uzbekistan

Davlat ekologik ekspertizasi markazining ma’lum qilishicha, Sea Breeze Uzbekistan turistik majmuasi qurilishi loyihasi bo‘yicha atrof-muhitga ta’sirni baholash yuzasidan jamoatchilik eshituvi 2026-yil 23-yanvar kuni bo‘lib o‘tadi.

Loyiha Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida, Chorvoq suv omborining sharqiy qirg‘og‘i hududida joylashgan bo‘lib, zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etishni nazarda tutadi. U 577 gektar maydonni va unga tutash 3000 gektar maydonni egallaydi. Unda dam olish maskanlari, suzish havzalari, sport maydonchalari, do‘konlar, xizmat ko‘rsatish markazlari, shuningdek, festivallar, konsertlar va konferensiyalar o‘tkaziladigan joylar bo‘ladi. Ikki qirg‘oq o‘rtasida ko‘prik ham quriladi.

«Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi nazorat ostida amalga oshiriladi — Ekologiya vazirligi
Foto: Ijtimoiy tarmoq

Sea Breeze Uzbekistan qurilishi jamoatchilik orasida katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Ta’kidlanishicha, mazkur jamoatchilik eshituvlari loyihasi doirasida hududni rejalashtirish va qurilish yechimlari, atmosfera havosi, suv va tuproqqa bo‘ladigan ta’sir, chiqindilarni boshqarish, yashil hududlar va suv obyektlarini muhofaza qilish, ekologik xavfsizlik choralari va monitoring masalalarini muhokama qilish reja qilingan.

Ma’lumot uchun, Sea Breeze loyihasi 2025-yilning 4-avgust kuni O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ustav fondi 400 million so‘m etib belgilangan. Kompaniya ikki teng ulushli sherik – Ozarbayjonning Agalarov Development kompaniyasi va o‘zbekistonlik biznesmen Ulug‘bek Maxmudov tomonidan tashkil etilgan. Direktorlik lavozimi esa Xamidov Sardor Sandjarovichga topshirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingani haqida yozgandi.