Yangiliklar

Toshkentdagi 87 ta sanoat korxonasi shahar tashqarisiga ko‘chiriladi

Yangihayot tumanidagi «O‘zvtorsvetmet» AJ Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladi
Toshkent shahri va viloyatida bir oyda 1128 ta ekologik huquqbuzarlik aniqlandi
Toshkentdagi 87 ta sanoat korxonasi shahar tashqarisiga ko‘chiriladi / Foto: ochiq manbalardan

Toshkentdagi 87 ta sanoat korxonasi shahar tashqarisiga ko‘chiriladi. Bu haqda Ekologiya qo‘mitasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish doirasida sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga ko‘chirish ishlari boshlandi.

Dastur doirasida ekologik jihatdan xavfli va energiya sarfi yuqori bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlari bosqichma-bosqich shaharlar tashqarisiga olib chiqiladi. Mutaxassislar hisobiga ko‘ra, bitta sanoat korxonasini ko‘chirish yiliga o‘rtacha 226 tonnadan ortiq zararli tashlamalarni kamaytirish imkonini beradi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/01/img_4386.mp4

Hujjatda Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlaridan asbest, sement, charm-poyabzal, parrandachilik, qora va rangli metallurgiya hamda energiya iste’moli yuqori bo‘lgan boshqa tarmoqlardagi korxonalarni ko‘chirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish belgilangan.

Xususan, Toshkent shahrida ushbu talablarga mos keladigan 87 ta sanoat korxonasi aniqlangan. Ularni ko‘chirish jarayoni ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va ekologik standartlarga moslashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

Nazoratni ta’minlash maqsadida Maxsus komissiya tomonidan sanoat obyektlarida doimiy reyd tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. Shunday tekshiruvlardan biri Yangihayot tumanidagi «O‘zvtorsvetmet» AJda o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlanib, korxonaga 18 mlrd so‘mdan ortiq ekologik zarar kompensatsiyasi belgilandi.

Qabul qilingan qarorga asosan, ushbu korxona Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga ko‘chiriladi va Toshkentdagi faoliyati to‘xtatiladi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga qariyb 227 tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olinib, poytaxt havosi sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zoir Mirzayev poytaxtda ekologiyaga katta zarar yetkazayotgan 50 dan ortiq charm va poyabzal ishlab chiqaruvchi korxonalar Toshkent viloyatiga ko‘chirilishini ma’lum qilgandi.