Tramp Mirziyoyevni Tinchlik kengashiga qo‘shilishga taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev nomiga Donald Trampdan Yaqin Sharqda tinchlikni mustahkamlash va mojarolarni hal etishga qaratilgan xalqaro tashabbusga qo‘shilish bo‘yicha rasmiy taklif yuborildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Maktubda ushbu tashabbus 2025-yil 29-sentabrda e’lon qilingani, u jahon yetakchilari tomonidan qo‘llab-quvvatlangani hamda BMT Xavfsizlik Kengashining 2025-yil 17-noyabrdagi 2803-sonli rezolyutsiyasi bilan ma’qullangani qayd etilgan. Tashabbus G‘azodagi mojaroni tugatishga qaratilgan kompleks reja asosida ishlab chiqilgan.
Asosiy maqsad uzoq muddatli tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor davlatlarni birlashtiruvchi yangi xalqaro tuzilma — Tinchlik kengashini tashkil etishdan iborat.
AQSh tomoni O‘zbekistonni ushbu Tinchlik kengashiga ta’sischi davlat sifatida qo‘shilishga taklif qildi. Mirziyoyev javob maktubida O‘zbekiston mazkur kengashga ta’sischi sifatida qo‘shilishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston rahbari bu tashabbusni Yaqin Sharqdagi uzoq yillik nizolarni hal etish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Machado Trampga Nobel tinchlik mukofoti medalini topshirgani xabar qilingandi. Oq uy vakili prezident medalni saqlab qolishini tasdiqladi. Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida sovg‘ani o‘zaro hurmat belgisi sifatida baholab, Machadoga minnatdorlik bildirdi.