Xayriddin Sultonovga «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvoni berildi

Davlat idoralarida ko‘p yillik samarali mehnati, milliy adabiyot va madaniyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun prezident maslahatchisi — spichrayter Xayriddin Madriddinovich Sultonov «O‘zbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Xayriddin Sultonov o‘zining betakror iste’dodi va serqirra ijodiy faoliyati bilan xalqimiz badiiy tafakkuri, ma’naviy-intellektual salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Uning tarixiy va zamonaviy mavzulardagi yorqin asarlari o‘zbek adabiyoti xazinasini boyitgan.
Shuningdek, u respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash borasida ham faol ish olib borgan. Ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligi va tavalludining 70 yilligi munosabati bilan ushbu yuksak faxriy unvon berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan bir guruh Qurolli Kuchlar va xavfsizlik organlari xodimlari mukofotlangani haqida yozgandi.