
Xiaomi kompaniyasi mobil aksessuarlar bozorida o‘ziga xos yangilikni taqdim etdi. Yaponiyada Ultrathin Magnetic Power Bank nomli, juda yupqa va yengil tashqi quvvatlash qurilmasi sotuvga chiqdi.
Og‘irligi bor-yo‘g‘i 98 gramm bo‘lgan ushbu gadjet iPhone va Android smartfonlarini simsiz quvvatlay oladi. Taqqoslash uchun, bu ko‘plab zamonaviy smartfonlarning o‘zidan ham yupqaroqdir. Poverbank sig‘imi 5000 mA/soat bo‘lib, u alyuminiy korpusga ega.

Kompaniya ushbu mahsulotni asosan iPhone va Xiaomi smartfonlari uchun mo‘ljallangan aksessuar sifatida joylashtirmoqda. iPhone egalari undan to‘g‘ridan-to‘g‘ri MagSafe orqali foydalanishlari mumkin, Xiaomi smartfonlari uchun esa maxsus magnitli g‘ilof talab etiladi.
Qurilmaning quvvatlash imkoniyatlari quyidagicha:
- Simsiz quvvatlash quvvati – 15 vatt (iPhone uchun 7,5 vatt);
- USB Type-C porti orqali simli quvvatlash – 22,5 vattgacha;
- Bir vaqtning o‘zida ikkita qurilmani (biri simli, biri simsiz) quvvatlash imkoniyati mavjud.

Hozircha yangi poverbank faqat Yaponiyada Amazon va Xiaomi rasmiy sayti orqali sotilmoqda. Uning narxi 7980 iyena (690 ming so‘m) etib belgilangan. Global bozorga qachon chiqishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi tomonidan 20 dollarlik powerbank taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.