Xitoyda to‘rtinchi yil ketma-ket aholi soni kamayishi kuzatildi

Xitoyda 2025-yilda eng past tug‘ilish darajasi qayd etildi. Bu aholi soni kamayishi kuzatilgan to‘rtinchi yildir, deya xabar bermoqda CNN.
Xitoy Milliy statistika boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda 1 ming kishiga 5,63 nafar bola tug‘ilgan, 2023-yilda esa ko‘rsatkich 6,39 bo‘lgan. O‘tgan yili 7,92 mln bola tug‘ilgan bo‘lsa, 11,31 mln kishi vafot etgan. Natijada umumiy aholi soni 3,39 mlnga kamaygan. 2025-yilda Xitoy aholisi 1,4 mlrdni tashkil etib, Hindistandan keyin ikkinchi o‘rinni band etgan edi
Demografik holat Xitoy uchun katta muammo bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda 60 yoshdan oshgan aholi 323 mln, ya’ni umumiy aholining 23 foizini tashkil etdi. BMT prognozlariga ko‘ra, 2100-yilga kelib Xitoy aholining yarmi 60 yoshdan oshganlardan iborat bo‘lishi mumkin.
Xitoy rahbari Si Szinpin aholi xavfsizligi va sifatli aholi rivojlanishini milliy ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Shu maqsadda markaziy hukumat oilalarga yillik naqd pul mukofoti berish, nikohga ro‘yxatdan o‘tishni soddalashtirish va bepul maktabgacha ta’lim dasturini ishga tushirdi. Mahalliy hukumatlar esa soliq imtiyozlari, uy sotib olish va ijaraga olish bo‘yicha moliyaviy yordam, onalik ta’tilini uzaytirish kabi rag‘batlarni joriy qilmoqda.
Tahlilchilar yoshlar orasida ish topish qiyinligi va bolani tarbiyalash xarajatlarining yuqoriligi tufayli tug‘ilish ko‘rsatkichlarini oshirishning oson bo‘lmasligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, bolani tarbiyalashdagi noteng taqsimlangan mas’uliyat yuki yosh ayollarni farzand ko‘rishdan tiyilishiga olib kelmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Rossiyadan elektr energiya importini to‘xtatgani haqida xabar bergan edik.