Yangiliklar

Yevropa AQShga qarshi 93 milliard dollarlik «javob zarbasi»ni tayyorlamoqda

Bryussel Vashingtonga nisbatan keskin iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashni rejalashtiryapti
Foto: Alisiya Vindzio / dpa

Yevropa Ittifoqi AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiya masalasidagi bosimiga javoban qarshi choralar ko‘rishga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda Spiegel nashri xabar bermoqda.

Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshtaning ta’kidlashicha, yaqin kunlarda Bryusselda YIga a’zo davlatlar rahbarlarining rejadan tashqari sammiti bo‘lib o‘tadi. Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, 22-yanvarga belgilangan ushbu yig‘ilishda AQShning iqtisodiy tahdidlariga umumiy javob ishlab chiqiladi.

Rejaga muvofiq, agar AQSh o‘z tahdidini amalga oshirsa, Yevropa Ittifoqi Amerikadan import qilinadigan viski, samolyot ehtiyot qismlari, soya va parranda go‘shti kabi tovarlarga umumiy qiymati $93 mlrd bo‘lgan qarshi bojlar joriy etishi mumkin.

Bunga Donald Trampning Grenlandiya orolini AQSh tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha talabi sabab bo‘lmoqda. Oq uy rahbari ushbu kelishuvga erishilmaguncha Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Niderlandiya, Norvegiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvetsiyaga nisbatan 10 foizlik boj qo‘llashini ma’lum qilgan edi. Shu sababli tomonlar o‘rtasidagi transatlantik savdo kelishuvi ham xavf ostida qolgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi AQSh bilan savdo kelishuvini to‘xtatmoqchiligi haqida xabar bergan edi.