
Yevropa parlamenti deputatlari Bryussel va Vashington o‘rtasidagi transatlantik savdo kelishuvini tasdiqlashdan bosh tortishi mumkin. DW xabariga ko‘ra, bunga Donald Trampning Grenlandiya masalasida Yevropa mamlakatlariga nisbatan kutilmagan ultimatum qo‘ygani sabab bo‘ldi.
Yevroparlamentdagi eng yirik fraksiya Yevropa xalq partiyasi yetakchisi Manfred Veber X ijtimoiy tarmog‘ida ushbu qaror haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosiy vaziyat barqarorlashmaguncha, kelishuvni ratifikatsiya qilish imkonsiz. Donald Tramp Grenlandiya oroli bo‘yicha o‘z qarashlarini qo‘llab-quvvatlamagan Yevropaning 8 ta davlatiga nisbatan 10 foizlik boj to‘lovlari joriy etish bilan tahdid qilgan.
«Yevropa Ittifoqi va AQSh o‘rtasidagi savdo kelishuvini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq Donald Trampning Grenlandiya bo‘yicha tahdidlarini inobatga olgan holda, ayni bosqichda uni tasdiqlashning imkoni yo‘q. Amerika tovarlari uchun nol stavkali tariflarni joriy etishni to‘xtatib turish kerak», — deb yozdi Veber.
Muzlatilishi kutilayotgan kelishuvga ko‘ra, AQShdan Yevropaga import qilinadigan tovarlar uchun bojlar bekor qilinishi, evaziga Qo‘shma Shtatlar YI mahsulotlariga 15 foizlik tarif belgilashi ko‘zda tutilgan edi. Vashington va Bryussel o‘rtasidagi uzoq muzokaralar natijasi bo‘lgan ushbu hujjat 26-yanvar kuni ovozga qo‘yilishi rejalashtirilgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy va YI elektromobillar narxi bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida xabar bergan edi.