
Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi yangi Zeekr 8X krossoverining texnik ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Zeekr 9X’dan keyingi ikkinchi gibrid model kuchli va yirik bo‘lishiga qaramay, yuqori elektr yurish zaxirasi bilan ajralib turadi.
Zeekr 8X 2,0 litrli turbomotor asosidagi gibrid kuch qurilmasi bilan jihozlanadi. Dvigatel quvvati 279 ot kuchini tashkil etadi. Xaridorlarga ikki xil tortish batareyasi taklif qilinadi: 55,1 kVt·soat va 70 kVt/soat.

Komplektatsiyaga qarab, faqat elektr rejimida yurish masofasi 256, 257 yoki 328 km bo‘ladi. Ko‘rsatkichlar, ehtimol, WLTC usulida o‘lchangan. Model ultra tezkor zaryadlashni ham qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.
Tashqi dizayn Zeekr 9X uslubida ishlangan. Krossover qat’iy chiziqlar, xrom elementlar va ikki bo‘limli havo kirish qismi bilan ajralib turadi. Shuningdek, Black Warrior maxsus versiyasi ham ko‘rsatildi. Unda radiator panjarasi, oynalar atrofidagi molдингlar, disklar, ko‘zgular va shildiklar to‘liq qora rangda bo‘ladi.

Rasmiy tasvirlardan tom qismiga lidar o‘rnatilgani ko‘rinadi. Bu Zeekr 8X zamonaviy haydovchiga yordam tizimlari bilan jihozlanishini anglatadi. Model uzunligi 5100 mm, g‘ildirak bazasi esa 3069 mm bo‘lib, u o‘lcham jihatidan Zeekr 9X’dan biroz ixchamroq bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, eng yuqori talqinda Zeekr 8X uch elektromotorga ega tizim bilan taqdim etilishi mumkin. Uning umumiy quvvati 1000 ot kuchi yoki undan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, krossover 2000 kg gacha bo‘lgan tirkamani tortish imkoniyatiga ega.
Zeekr 8X’ning rasmiy taqdimoti yaqin kunlarda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zeekr 007 va 007 GT’ning yangi versiyalari e’lon qilingani haqida yozgan edi.