
O‘zbekistonda birinchi marta ID-karta olganlarga elektron raqamli imzo bepul qo‘shib beriladi. Bu bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan jismoniy shaxslarga ID-karta birinchi marta rasmiylashtirilganda, uning chipiga kiritiladigan elektron raqamli imzo (ERI) sertifikati bepul taqdim etiladi.
Shuningdek, tegishli departament jismoniy shaxslar bo‘yicha markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va doimiy yangilab borish uchun vakolatli organ etib belgilandi. Ushbu bazalarda xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, O‘zbekiston fuqarolarining yashash va vaqtincha turgan manzillari, ID-kartalarning seriyasi, raqami, berilgan joyi va amal qilish muddati, fuqarolik holati hamda O‘zbekistonga taklif qilingan xorijiy fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar jamlanadi.
Bundan tashqari, 1-sentabrdan ayrim davlat xizmatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) va davlat xizmatlari markazlari orqali olish imkoniyati yaratiladi. Xususan, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekistonga taklif etish, shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha arizalar elektron tarzda qabul qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar uchun yana 3 ta davlatga ID-karta orqali borish imkoni yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.