Yangiliklar

15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi

Hududlarda zamonaviy data-markazlar tarmog‘i kengaytiriladi
15 ta oliy ta’lim muassasasida sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi / Foto: Sun’iy intellekt

Shavkat Mirziyoyev raqamli texnologiyalar sohasida erishilgan yutuqlar hamda 2026-yilga belgilangan ustuvor vazifalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xorijiy ekspertlarning tahlillariga ko‘ra, 2024/2025-yillarda O‘zbekistondagi startap va venchur ekotizimining umumiy qiymati $3,9 mlrdga yetdi, mahalliy startaplar soni 750 tadan oshdi. Hozirgi kunda 15 ta venchur fond faoliyat yuritmoqda va venchur kapitali $180 mlndan oshdi.

O‘zbekiston dunyodagi ikkinchi eng tez rivojlanayotgan va Markaziy Osiyodagi eng dinamik startap ekotizimi sifatida e’tirof etilmoqda. Taqdimotda 2030-yilga qadar startaplar sonini 5 minggacha, eksport bozorlariga chiqqan startaplar sonini 200 taga yetkazish, venchur investitsiyalar hajmini $2 mlrdga oshirish maqsad qilinayotgani ta’kidlandi.

Elektron davlat xizmatlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. 900 ta xizmatni raqamlashtirish, «MyGov.uz» mobil ilovasining funksiyalarini kengaytirish, 50 dan ortiq xizmatlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Aholining yagona reyestrini yaratish, tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, bank kartalari ochish, sim-karta olish va sug‘urta xizmatlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

SI texnologiyalari uchun infratuzilma yaratish ishlari davom etmoqda. Zamonaviy kichik superkompyuter ishga tushirildi, katta superkompyuterni xarid qilish va ishga tushirish ishlari davom etayotir. Loyihaning amalga oshirilishi natijasida 15 ta oliy ta’lim muassasasida SI laboratoriyalari tashkil qilinadi.

Hududlarda zamonaviy data-markazlar tarmog‘ini kengaytirish, ma’lumotlar xavfsizligi va uzluksizligini ta’minlash zarurati qayd etildi. Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, internet tezligi va qamrovi oshirilgani, mobil aloqa xizmatlari sifati yaxshilanganligi ta’kidlandi. 2026-yilda 5G texnologiyalarini joriy etish, yuqori tezlikdagi internetni aholining barcha punktlariga yetkazish va sun’iy yo‘ldosh aloqasidan foydalanish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev sport sohasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va 2026-yilga mo‘ljallangan vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi.