Avto

2026-yilgi Chevy Trailblazer narxi yana oshdi

Barcha komplektatsiyalar narxi $100 ga qimmatlashdi
2026-yilgi Chevy Trailblazer narxi yana oshdi
2026-yilgi Chevy Trailblazer narxi yana oshdi / Foto: GM Authority

General Motors 2026-yilgi Chevy Trailblazer modeli narxini uchinchi bor oshirdi. GM Authority’ga ko‘ra, barcha komplektatsiyalar narxi $100 ga qimmatlashdi. Yetkazib berish (transport) uchun belgilangan to‘lov esa o‘zgarishsiz $1,8 ming bo‘lib qoldi.

Eng arzon variant old g‘ildirakdan tortuvchi (FWD) LS komplektatsiyasi 1,2 litrli turbomotor bilan endi $25,1 mingdan boshlanadi. Eng qimmat versiyalar RS AWD va Activ AWD $31,3 mingga yetdi.

2026 Chevy Trailblazer narxlari

Bu navbatdagi oshish avgust oyidagi ancha katta ko‘tarilishdan keyin amalga oshirildi. O‘shanda Trailblazer narxi umumiy hisobda $600 ga qimmatlashgan, shundan $400 yetkazib berish to‘loviga to‘g‘ri kelgandi. Mutaxassislar bunday o‘sishni ishlab chiqarish xarajatlari, materiallar narxi va import bojlarining oshishi bilan izohlamoqda. Trailblazer Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgani sababli xalqaro savdo siyosatidagi o‘zgarishlarga sezgir hisoblanadi.

Foto: GM Authority

Narxlar oshganiga qaramay, avtomobil texnik jihatdan deyarli o‘zgarmagan. Xaridorlar 137 ot kuchiga ega 1,2 litrli yoki 155 ot kuchiga ega 1,3 litrli turbomotorni tanlashi mumkin. To‘liq tortuvli (AWD) versiyalar 9 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlanadi.

2026 model yilida Trailblazer tashqi ko‘rinishida ikki yangi rang paydo bo‘ldi. Shuningdek, LT komplektatsiyasi uchun $895 lik Midnight Edition paketi taklif qilinmoqda. Ushbu paket avtomobilga qora rangdagi dizayn elementlarini qo‘shadi.

Foto: GM Authority

Narxlarning ketma-ket oshishi Trailblazerning raqobatchilar bilan kurashini qiyinlashtirmoqda. Masalan, Honda HR-V xavfsizlik tizimlari va ishonchliligi bilan kuchli raqib hisoblanadi. Shunga qaramay, Chevrolet Trailblazerning to‘liq tortuvli versiyalari, RS va Activ dizayni hamda katta multimedia ekrani xaridorlarni jalb etishda davom etishiga umid qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Onix va Tracker avtomobillariga chegirmalar e’lon qilingandi. Unga ko‘ra, Chevrolet Tracker va Onix MY2025 rusumli avtomobillarini 100% to‘lov asosida xarid qilgan mijozlarga amaldagi chegirmalarga qo‘shimcha ravishda maxsus chegirmalar beriladi.