
O‘zbekistonda «Xalqparvar guruhi» muxbiri 4 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Farg‘ona viloyat sudlari xabar berdi.
35 yoshli muxbir Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudining 20-yanvardagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi «g» bandi, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi «a» bandi, 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismi, 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi «a» bandi va 244-6-moddasi (yolg‘on axborot tarqatish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Qayd etilishicha, «AK Xalqparvar guruhi» MChJ («Antikorrupsiya» OAV) muxbiri bo‘lib ishlagan ushbu shaxs oldin ham sudlangan.
Unga Jinoyat kodeksining 59,61-moddalari tartibida 3 yil 10 oy, Jinoyat kodeksining 60,61-moddalariga asosan jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinganini bekor qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Tayinlangan jazoni qattiq tartibli koloniyalarida o‘tattirilishi belgilandi.
Avvalroq «Kursiv» Taftish.uz internet nashrining 5 nafar xodimi protsessual tartibda ushlangani haqida yozgandi. 17-yanvar kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushbu nashr nomi bilan faoliyat yuritgan media platforma atrofida shakllangan guruh faoliyati yuzasidan batafsil ma’lumotlar e’lon qilindi.