
Avtomobilga egalik qilish qulaylik va harakat erkinligini ta’minlaydi, biroq u doimiy texnik nazorat va parvarishni talab etadi. Mashinada yuzaga kelgan hatto kichik nosozlikni ham e’tiborsiz qoldirish vaqt o‘tib jiddiy va qimmat ta’mirlash ishlariga olib kelishi mumkin. Shu sababli, avtomobildagi muammolarni erta aniqlash va ularning oldini olish muhim ahamiyatga ega. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida avtomobillarda eng ko‘p uchraydigan muammolar va ularning oldini olish yo‘llari haqida so‘z boradi.
Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
Dvigatelning qizib ketishi
Dvigatelning haddan tashqari qizib ketishi eng xavfli va keng tarqalgan muammolardan biri hisoblanadi. Dvigatel harorati me’yoridan oshib ketganda kapot ostidan bug‘ chiqishi, sovutish suyuqligi hidining sezilishi yoki priborlar panelidagi harorat ko‘rsatkichi qizil zonaga o‘tishi mumkin. Agar bu holatda avtomobil harakati davom ettirilsa, dvigatel jiddiy shikastlanishi, hatto to‘liq ishdan chiqishi ham ehtimoldan xoli emas.

Sabablari
Dvigatelning qizib ketishiga asosan sovutish tizimidagi nosozliklar sabab bo‘ladi. Bunga antifriz miqdorining kamayishi yoki sizib chiqishi, termostatning yopilib qolishi, suv nasosi (pompa)ning ishlamay qolishi hamda radiatorning ifloslanib, havo almashinuvi yomonlashishi kiradi. Ushbu omillar natijasida sovutish suyuqligining aylanishi buziladi va dvigatel yetarli darajada sovitilmaydi.
Oldini olish

Dvigatelning qizib ketishini oldini olish uchun sovutish tizimini muntazam ravishda tekshirib borish zarur. Antifriz darajasini nazorat qilish, radiator va shlanglarda yoriq yoki sizib chiqish belgilari mavjudligini tekshirish katta ahamiyatga ega. Mutaxassislar, shuningdek, avtomobil to‘xtab turganida uning ostida suyuqlik dog‘lari paydo bo‘lmaganiga e’tibor berishni tavsiya etadilar. Agar antifriz sizib chiqayotgani aniqlansa, muammoni kechiktirmasdan bartaraf etish lozim. Bundan tashqari, termostat va suv nasosi kabi muhim qismlarni ishlab chiqaruvchi belgilagan texnik xizmat muddatlariga muvofiq almashtirib turish dvigatelning uzoq va barqaror ishlashini ta’minlaydi.
Akkumulyator va zaryadlash tizimi muammolari
Avtomobilning elektr ta’minoti bilan bog‘liq nosozliklar eng ko‘p uchraydigan muammolar qatoriga kiradi. Akkumulyator quvvatini yo‘qotishi yoki generatorning ishdan chiqishi mashinaning umuman yurmayoq qolishiga sabab bo‘lishi mumkin. Starterni buraganda tez-tez takrorlanuvchi yoqimsiz ovozining eshitilishi, faralarning xiralashib yonishi yoki mashinaning umuman ishga tushmasligi ko‘pincha akkumulyator quvvatsizlanganidan darak beradi. Afsuski, bunday holat aksariyat hollarda haydovchi uchun eng noqulay vaqtda yuzaga keladi.

Sabablari
Zamonaviy avtomobil akkumulyatorlarining o‘rtacha xizmat muddati 3–5 yilni tashkil etadi. Biroq keskin issiq yoki sovuq ob-havo sharoitlari bu muddatni sezilarli darajada qisqartirishi mumkin. Akkumulyatorning o‘tirib qolishiga ko‘pincha unutib qoldirilgan chiroqlar, salon yoritgichlari yoki boshqa elektr jihozlari sabab bo‘ladi. Shuningdek, generator (alternator) nosozligi tufayli akkumulyator to‘liq zaryad olmasligi mumkin. Eng muhim jihati shundaki, akkumulyator aksariyat hollarda oldindan yaqqol ogohlantirmasdan ishdan chiqadi, ya’ni uning quvvati asta-sekin kamayib borayotganini haydovchi sezmasligi mumkin.
Oldini olish
Akkumulyator va zaryadlash tizimi bilan bog‘liq muammolarning oldini olish uchun profilaktika choralari muhim hisoblanadi. Avvalo, akkumulyator holatini vaqti-vaqti bilan maxsus tester yordamida tekshirib turish tavsiya etiladi. Mutaxassislar akkumulyatorni 3–4 yilda bir marta yangilashni maslahat beradilar. Shuningdek, avtomobilni tark etishdan oldin barcha chiroqlar, audio tizim va boshqa elektr qurilmalari o‘chirilganiga ishonch hosil qilish lozim. Aks holda, akkumulyator hatto bir kecha davomida ham sezilarli darajada zaryadini yo‘qotishi mumkin.

Bundan tashqari, rejalashtirilgan texnik ko‘rik paytida generator va starter holatini ham tekshirtirish zarur. Generator kamari tarangligi va zaryad berish kuchi me’yor darajasida bo‘lishi kerak. Akkumulyator klemmasida paydo bo‘ladigan korroziya yoki zang ham tok o‘tishini yomonlashtiradi, shuning uchun ularni o‘z vaqtida tozalab turish elektr tizimining barqaror ishlashiga xizmat qiladi.
Shina teshilishi va bosimning tushishi
Shinalar bilan bog‘liq muammolar har bir haydovchiga tanish. Harakat davomida shina to‘satdan teshilishi yoki asta-sekin havo yo‘qotib, bosimi pasayishi mumkin. Shina bosimining me’yordan past bo‘lishi yonilg‘i sarfining oshishiga, avtomobilning yo‘lga yopishish qobiliyatining pasayishiga va rul boshqaruvining yomonlashishiga olib keladi. Eng xavfli holat esa shinaning kutilmaganda yorilishi bo‘lib, bu avtomobilning to‘satdan to‘xtab qolishiga yoki boshqaruvni yo‘qotishga sabab bo‘lishi mumkin.

Sabablari
Shina teshilishining eng keng tarqalgan sababi yo‘l ustida uchraydigan mix, shisha bo‘laklari yoki boshqa o‘tkir jismlarning shinaga kirib qolishidir. Bundan tashqari, havosi yetarli darajada to‘ldirilmagan shinalar ortiqcha qizib, harakat vaqtida yorilish xavfiga ko‘proq duch keladi. Shinalarning haddan tashqari eskirishi, ya’ni protektor qismi deyarli yassi holga kelib qolishi ham ularning mustahkamligini pasaytiradi va shikastlanish ehtimolini oshiradi.
Oldini olish
Shinalarning texnik holatini doimiy nazorat qilib borish xavfsiz harakatning muhim sharti hisoblanadi. Avvalo, barcha g‘ildiraklar havo bosimini kamida oyiga bir marta maxsus manometr yordamida tekshirib, ishlab chiqaruvchi tavsiya etgan darajada ushlab turish lozim. Shina protektorining yeyilish darajasiga ham e’tibor berish kerak. Agar protektor juda sayoz bo‘lib qolgan bo‘lsa, shina yo‘l yuzasida barqarorligini yo‘qotadi va tez shikastlanadi.

Shinalarning bir tekisda yeyilishini ta’minlash uchun ularni muntazam ravishda rotatsiya qilish, ya’ni old va orqa g‘ildiraklar o‘rnini almashtirib turish tavsiya etiladi. Odatda buni har 8–10 ming kilometrdan so‘ng amalga oshirish maqsadga muvofiq. Uzoq safar oldidan esa barcha g‘ildiraklarni diqqat bilan ko‘zdan kechirish zarur. Shuningdek, favqulodda holatlarda vaqtni yo‘qotmaslik uchun avtomobilda har doim soz holatdagi zaxira g‘ildirak va uni almashtirish uchun zarur asbob-uskunalar mavjudligini tekshirib yurish lozim.
Tormoz tizimi muammolari
Avtomobilning tormoz tizimi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lib, undagi har qanday nosozlik haydovchi va yo‘lovchilar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Tormoz tizimi ishdan chiqa boshlaganda avtomobil buni odatda turli belgilar orqali bildiradi. Jumladan, tormoz bosilganda g‘ichirlagan yoki gulduragan tovushlar eshitilishi, rul yoki kuzovning titrashi, shuningdek, mashina tormozlanganda bir tomonga tortib ketishi shular jumlasidandir. Bunday alomatlar paydo bo‘lishi bilan muammoni kechiktirmasdan aniqlash va bartaraf etish zarur.

Sabablari
Tormoz tizimidagi eng ko‘p uchraydigan nosozlik tormoz kolodkalari yeyilib, o‘z xizmat muddatini tugatishi hisoblanadi. Kolodkalar yupqalashgan sari tormoz bosilganda disklar bilan ishqalanishi kuchayadi va balandroq g‘ichir ovozi paydo bo‘ladi. Yana bir keng tarqalgan muammo tormoz suyuqligi darajasining pasayib ketishi yoki uning uzoq vaqt davomida almashtirilmaganidir. Suyuqlik yetarli bo‘lmaganda tormoz pedali yumshab qoladi, tormozlash samarasi esa sezilarli darajada kamayadi.
Bundan tashqari, tormoz disklari yoki barabanlari vaqt o‘tishi bilan qizib, egri tortishi yoki notekis yemirilishi mumkin. Bu holat tormozlash vaqtida rulning titrashi yoki avtomobilning yon tomonga og‘ishi bilan namoyon bo‘ladi.
Oldini olish
Tormoz tizimining ishonchli ishlashi uchun muntazam texnik xizmat ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega. Har bir mavsumiy ko‘rikda tormoz kolodkalarining yeyilish darajasi tekshirilishi va zarurat tug‘ilganda ularni o‘z vaqtida almashtirish lozim. Mutaxassislar tormoz suyuqligini har 2–3 yilda bir marta to‘liq yangilashni va uning miqdorini doimiy nazorat qilib borishni tavsiya etadilar.

Haydovchi mashinani boshqarish jarayonida tormoz tizimining holatiga doimiy e’tibor berishi kerak. Agar tormoz bosilganda noodatiy g‘ichir yoki chinqir ovozlari paydo bo‘lsa, bu kolodkalarni almashtirish vaqti kelganidan dalolat berishi mumkin. Shuningdek, tormozlash vaqtida rul titrasa yoki avtomobil bir tomonga tortsa, imkon qadar tezroq ustaxonaga murojaat qilish zarur. Eng muhimi, tormozlar sustlashgani yoki ishi shubha uyg‘otgani sezilsa, avtomobildan foydalanishni to‘xtatib, muammoni bartaraf etishni birinchi o‘ringa qo‘yish lozim.
Dvigatel moyining sizib chiqishi yoki kamayib ketishi
Dvigatel moyini avtomobilning «qoni» deb atash mubolag‘a bo‘lmaydi. U harakatlanuvchi qismlar orasidagi ishqalanishni kamaytiradi, dvigatelni qisman sovutadi va ichki detallarni himoyalaydi. Agar dvigatelda moy yetarli bo‘lmasa yoki u o‘z xususiyatini yo‘qotsa, metall qismlar tez qiziydi va jadallik bilan yeyila boshlaydi. Afsuski, ko‘plab haydovchilar moy bilan bog‘liq muammoni faqat priborlar panelida moy chirog‘i yonganda yoki dvigatel allaqachon jiddiy shikastlanganda payqashadi.

Sabablari
Dvigatel moyining kamayib ketishiga aksariyat hollarda sizib chiqishlar sabab bo‘ladi. Vaqt o‘tishi bilan rezina prokladkalar va muhrlar eskiradi va moy tashqariga sekin-asta sizib chiqa boshlaydi. Agar ushbu muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, dvigateldagi moy miqdori me’yordan pastlab ketadi va qismlar yetarli darajada surtulmaydi. Bu holat podshipniklarning shikastlanishi, dvigatelning qattiq qizishi yoki hatto motorning to‘liq ishdan chiqishigacha olib borishi mumkin.
Moy bilan bog‘liq yana bir muhim muammo uning vaqtida almashtirilmasligidir. Eskirgan moy qizish, yonish mahsulotlari va metall zarrachalar bilan ifloslanish natijasida o‘z himoyalovchi xususiyatlarini yo‘qotadi. Bunday moy dvigatel qismlarini samarali himoya qila olmaydi va eskirish jarayonini tezlashtiradi.
Oldini olish
Dvigatel moyiga muntazam e’tibor berish har bir haydovchi uchun zarur odat bo‘lishi lozim. Kamida oyiga bir marta kapotni ochib, moy darajasini o‘lchagich novcha yordamida tekshirish tavsiya etiladi. Agar daraja me’yordan past bo‘lsa, normagacha to‘ldirish va moy nega kamayganini aniqlash muhim. Ko‘pincha bu yashirin sizib chiqishlarning dastlabki belgisi bo‘ladi.

Shuningdek, ishlab chiqaruvchi belgilagan texnik xizmat intervaliga qat’iy rioya qilish zarur. Odatda dvigatel moyi va moy filtri har 8–10 ming kilometrda yoki 6 oyda bir marta almashtirilishi tavsiya etiladi. Moyning o‘z vaqtida yangilanishi dvigatel ichini toza saqlaydi, ishqalanishni kamaytiradi va motorning barqaror hamda uzoq ishlashini ta’minlaydi. Agar avtomobil to‘xtab turgan joyda yerda moy dog‘lari paydo bo‘layotganini sezsangiz, imkon qadar tezroq ustaxonaga murojaat qilib, sizib chiqish manbasini bartaraf etish choralarini ko‘rish lozim.
Yonilg‘i tizimi muammolari
Avtomobilning yonilg‘i tizimi dvigatel barqaror va samarali ishlashida muhim rol o‘ynaydi. Ushbu tizimga yoqilg‘i nasosi, yonilg‘i filtri, forsunka va boshqa qismlar kiradi. Yonilg‘i tizimidagi nosozliklar dvigatel ishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Motor quvvatining pasayishi, ish jarayonida titrashlar, notekis ishlash yoki gazga sust javob berish ko‘pincha aynan yonilg‘i tizimi bilan bog‘liq muammolardan darak beradi. Agar dvigatel kerakli miqdorda va sifatda yonilg‘i aralashmasini olmasa, avtomobil tortmaydi va yonilg‘i sarfi sezilarli darajada ortadi.

Sabablari
Yonilg‘i tizimida eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri yonilg‘i filtrining ifloslanib, tiqilib qolishidir. Filtr yonilg‘idagi axlat, zang va boshqa qo‘shimchalarni ushlab qoladi. Agar u belgilangan muddatda almashtirilmasa yoki yonilg‘i sifati past bo‘lsa, filtr tez to‘lib, yonilg‘ining o‘tishi qiyinlashadi. Natijada dvigatelga yetarli miqdorda yoqilg‘i bormaydi va uning ishlashi yomonlashadi.
Yana bir muhim element yonilg‘i nasosidir. Nasos eskirganda yoki nosoz bo‘lganda yonilg‘ini kerakli bosimda uzata olmaydi, bu esa dvigatel quvvatining pasayishiga olib keladi. Forsunkalarning ifloslanishi ham keng tarqalgan muammo hisoblanadi. Iflos forsunka yonilg‘ini bir tekis purkamasligi yoki uning miqdorini kamaytirishi mumkin. Bu holatlar dvigatelning notekis ishlashi, titrashlar va yonilg‘i sarfining oshishi bilan namoyon bo‘ladi.
Oldini olish
Yonilg‘i tizimi nosozliklarining oldini olish uchun muntazam parvarish muhim ahamiyatga ega. Avvalo, yonilg‘i filtrini ishlab chiqaruvchi tavsiya etgan muddatda almashtirib turish lozim. Ko‘pchilik avtomobillar uchun bu interval odatda 20–30 ming kilometrni tashkil etadi, biroq aniq muddat modelga qarab farq qilishi mumkin.

Shuningdek, imkon qadar sifatli va ishonchli yoqilg‘i quyish tavsiya etiladi. Arzon va sifatsiz yonilg‘i tarkibida axlat yoki suv bo‘lishi mumkin, bu esa filtr va forsunkalarning tez ifloslanishiga sabab bo‘ladi. Har 40–50 ming kilometrda yonilg‘i tizimini maxsus uskunalarda profilaktik tozalatish ham foydali hisoblanadi.
Agar avtomobilda tortishning pasayishi, gaz bosilganda dvigatelning bo‘g‘ilib turishi yoki mashinaning qiyin ishga tushishi kabi belgilar sezilsa, yonilg‘i tizimini kechiktirmasdan diagnostika qildirish maqsadga muvofiqdir.
Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobili orqali pul topishning 5 usuli haqida yozgan edi.