Devid Bekhemning o‘g‘li oilasi bilan yarashish niyati yo‘qligini ma’lum qildi

Bruklin Pelts Bekhem ota-onasi bilan munosabatlari haqidagi xabarlarga ilk bor munosabat bildirib, oilasi bilan yarashishni istamasligini aytdi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
26 yoshli influenser Instagram sahifasida ota-onasini o‘zi va rafiqasi Nikolaga qarshi matbuotda «hujum qilish»da va munosabatlarini buzishga urinishda ayblagan. Bruklin o‘z bayonotida uzoq yillik sukunatdan so‘ng haqiqatni aytishga majbur bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ota-onasi Devid va Viktoriya Bekhem hamda ularning jamoasi matbuotga yolg‘on ma’lumotlar sizdirgan.

«Men oilam bilan yarashishni xohlamayman. Men boshqarilmayapman, hayotimda birinchi marta o‘zim uchun turibman», — deb yozdi u o‘zining Instagram sahifasida.
Mojaroning asosiy sabablari sifatida Bruklin rafiqasi Nikola Pelts Bekhemga nisbatan hurmatsizlik va to‘y bilan bog‘liq ziddiyatlarni keltirgan. U onasi Viktoriyani to‘y libosini tikishni so‘nggi daqiqada bekor qilganlikda va to‘yda barchaning oldida noo‘rin raqsga tushganlikda aybladi.

Shuningdek, Bruklin ota-onasi uni to‘ydan oldin o‘z ismiga bo‘lgan huquqlardan voz kechishga majburlashga uringanini va bu rad etilgach, unga nisbatan munosabat o‘zgarganini iddao qildi. Bruklinning ta’kidlashicha, oila uchun Bekhem brendi hamma narsadan ustun turadi va oilaviy mehr ijtimoiy tarmoqlardagi postlar soni bilan o‘lchanadi.

U otasining 50 yillik yubileyiga borganida ham rad etilganini va otasi u bilan faqat rafiqasi Nikolasiz ko‘rishishga rozi bo‘lganini «yuzga tarsaki tushirish» deya baholadi. Hozircha Devid va Viktoriya Bekhem ushbu ayblovlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirmadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mett Deymon va Ben Afflek Netflix strategiyasini tanqid qilgani haqida xabar bergan edi.