
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va «Bashakshehir» klubi hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida 18-turining ramziy terma jamoasiga kiritildi.
«Bashakshehir» klubi Turkiya chempionatining navbatdagi turida muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu uchrashuvda hamyurtimiz Eldor Shomurodov asosiy tarkibda maydonga tushib, jamoasining muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shdi. Hujumchi o‘zining faolligi va raqib darvozasiga kiritgan muhim goli bilan ajralib turdi.

Sofascore portali ma’lumotlariga ko‘ra, Shomurodovning harakatlari 8 ballga loyiq ko‘rilgan. U ramziy jamoaning hujum chizig‘idan o‘rin olib, tur davomida eng foydali o‘yinchilardan biri bo‘ldi.
E’tiborlisi, 18-tur ramziy jamoasidan nafaqat Shomurodov, balki Turkiya chempionatining boshqa yulduzli futbolchilari ham joy olgan. Xususan, ro‘yxatda «Fenerbaxche» yetakchisi Taliska va «Beshiktosh» a’zosi Orkun Kokchu kabi nomdor futbolchilar ham bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining birinchi davra ramziy tarkibidan joy olgani haqida xabar bergan edi.