
«Semurg Insurance» AJga sug‘urta faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tegishli qonun hujjatlari hamda Agentlikning qaroriga asosan kompaniyaga 2025-yil 7-oktabrda berilgan 1081744-sonli litsenziya 2026-yil 19-yanvardan boshlab 10 kun muddatga to‘xtatilgan.
Litsenziya amal qilishi to‘xtatilgan davrda kompaniyaga yangi sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalarini tuzish, shuningdek amaldagi shartnomalarni uzaytirish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, kompaniya ilgari tuzilgan sug‘urta va qayta sug‘urta shartnomalari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni belgilangan tartibda bajarishi shartligi ta’kidlangan.
Agentlik sug‘urta xizmatlari iste’molchilarini litsenziya amal qilishi to‘xtatilishiga sabab bo‘lgan kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgunga qadar «Semurg Insurance» bilan yangi sug‘urta shartnomalarini rasmiylashtirmaslikka chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Yangi bank» litsenziyasi bekor qilingani haqida yozgandi.