
Ispaniyaning Adamuz shahrida sodir bo‘lgan halokatli poyezd avariyasida kamida 40 kishi halok bo‘lgani munosabati bilan mamlakatda uch kunlik rasmiy motam e’lon qilindi. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi.
19-yanvar kuni mamlakat Bosh vaziri Pedro Sanches, Transport vaziri Oskar Puente hamda Andalusiya hududi rahbari Xuanma Moreno voqea sodir bo‘lgan Kordoba viloyatidagi Adamuz shahriga tashrif buyurdi. Shahar meri Rafael Anxel Moreno hodisaning ilk daqiqalaridanoq jabrlanganlarga yordam ko‘rsatilganini ta’kidlab, fojiada birdamlik namoyon etgan mahalliy aholi vakillariga minnatdorlik bildirdi.
Andalusiya rahbari Xuanma Moreno ham Adamuz aholisi ko‘rsatgan birdamlikni alohida e’tirof etib, qurbonlarni aniqlash va tanib olish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Sanchesning ta’kidlashicha, jamiyatda hodisa sabablari yuzasidan savollar ko‘p, biroq aniq xulosalar faqat mutaxassislar tekshiruvidan so‘ng e’lon qilinadi.
«Haqiqat oshkor qilinadi va jamoatchilikka to‘liq shaffoflik bilan yetkaziladi», – dedi u.
Shuningdek, Bosh vazir jabrlanganlar va ularning oilalari zarur bo‘lgan muddat davomida davlat himoyasida bo‘lishini kafolatladi va fuqarolarni faqat rasmiy manbalar hamda ishonchli OAV orqali axborot olishga chaqirdi.
Avariya bilan bog‘liq holda Iryo kompaniyasi prezidenti Karlos Bertumeu ham bayonot berdi. Unga ko‘ra, halokatga uchragan poyezd uch yildan kam vaqt oldin ishlab chiqarilgan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan va barcha texnik tekshiruvlardan o‘tgan. Kompaniya tergov komissiyasi bilan to‘liq hamkorlik qilishini hamda hodisa sabablari aniqlanib, kelajakda takrorlanmasligi uchun barcha resurslarini safarbar etishini bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ispaniyada poyezd halokati qurbonlari 39 kishiga yetgani haqida yozgandi.