Avto

Lotus Eletre elektromobili 50 foizga arzonlashishi mumkin

Kanada hukumati 16-yanvar kuni Xitoyda ishlab chiqarilgan 49 mingta elektromobil uchun boj stavkalarini 100% dan 6,1% gacha kamaytirishini e’lon qildi
Lotus Eletre elektromobili 50 foizga arzonlashishi mumkin
Foto: CarNewsChina

Kanadada Xitoyda ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun boj stavkalari pasaytirilishi fonida Lotus Eletre elektromobili narxi keskin tushishi mumkin. Lotus Technology ma’lumotiga ko‘ra, yangi tarif siyosati natijasida Lotus Eletre Kanadada taxminan 50% arzonlashadi.

Kanada hukumati 16-yanvar kuni Xitoyda ishlab chiqarilgan 49 mingta elektromobil uchun boj stavkalarini 100% dan 6,1% gacha kamaytirishini e’lon qildi. Ushbu qaror hozircha Shimoliy Amerikada sotilayotgan yagona Xitoyda ishlab chiqarilgan qimmat elektromobil hisoblangan Lotus Eletre’ga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

Hozirda Lotus Eletre’ning Kanadadagi yagona Carbon komplektatsiyasi 313,5 ming Kanada dollari atrofida baholanmoqda. Tariflar pasaytirilgach, avtomobil narxi taxminan 156,7 ming Kanada dollarigacha tushishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, Kanadada Porsche Cayenne GTS modeli 134,8 ming Kanada dollaridan boshlanadi. Shu sababli narxlarning pasayishi Lotus Eletre’ning raqobatbardoshligini sezilarli darajada oshiradi.

Lotus rasmiylari Kanadada sotuv hajmi keskin oshishini kutmoqda. Hozirda brend mamlakatda oltita rasmiy dilerlik markazi orqali ichki yonuv dvigatelli va elektromobil modellarini taklif qilmoqda. Kompaniya avvaldan olingan sertifikatlar yangi tarif imtiyozlarini tezda bozorda aks ettirishga imkon berishini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi SU7 elektromobili rekordni yangilagani haqida yozgan edi.