Avto

Mazda 6e avtomobili nega ommalashmoqda

Model 2025-yil sentabrdan buyon Yevropada sotuvga chiqarilgan
Foto: Motor1 Italy

Xitoyda Changan bilan hamkorlikda ishlab chiqarilgan Mazda 6e elektromobili Yevropa bozorida muvaffaqiyatli start oldi. Bu haqda Motor1 portali ma’lum qildi.

Model 2025-yil sentabrdan buyon Yevropada sotuvga chiqarilgan. Oradan besh oyga ham yetmay, model 7 mingdan ortiq xaridor topgan. Yangi va faqat elektr avtomobil uchun bu sezilarli natija hisoblanadi.

Foto: Motorist.my

Eng qiziqarli jihati shundaki, 6e nafaqat brend muxlislarini, balki raqobatchilar mijozlarini ham jalb qila oldi. Mazda Europe rahbari Martayn ten Brinkning aytishicha, kompaniya xaridorlarning 75–80 foizi Mazda’ning mavjud mijozlari bo‘ladi, ular ichki yonuv dvigatelli avtomobillardan elektromobilga o‘tadi, deb kutgan. Amalda esa xaridorlarning yarmidan ko‘pi boshqa brendlardan kelgan.

Ular orasida Volkswagen e-Golf egalari ham bor. Ular ID.3’ni tanlash o‘rniga to‘g‘ridan to‘g‘ri yuqoriroq segmentga o‘tishga qaror qilgan. Shuningdek, ilgari Volkswagen Passat’dan foydalangan korporativ mijozlar tomonidan ham qiziqish qayd etilgan.

Foto: Carcoops

Shu bilan birga, Volkswagen uchun yo‘qotishlar hozircha jiddiy emas. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning Yevropadagi elektromobil savdosi 49,1 foizga oshib, qariyb 247,9 ming dona avtomobilni tashkil etdi. Faqat ID.7 modeli o‘zi 76,6 mingdan ortiq sotilgan, bu yiliga nisbatan 133,9 foiz o‘sish degani.

Mazda uchun esa 6e’ning bunday tezkor starti muhim muvaffaqiyat sifatida baholanmoqda. Kompaniya yil oxiriga qadar Yevropada 40 mingtagacha elektromobil sotishni rejalashtirgan. Bunga faqat Mazda 6e emas, balki yozda taqdim etilishi kutilayotgan Mazda CX-6e krossoveri ham hissa qo‘shadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mazda AZ-1 modelining yangi modifikatsiyasi xususiyatlari ma’lum qilingani haqida yozgan edi.