Metan «otmen»: birja savdolariga chiqariladigan avtobenzin hajmi oshiriladi

Sovuq ob-havo tufayli metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklovlar kiritilishi ortidan «O‘zbekneftgaz”»AJ birja savdolariga chiqarilayotgan avtobenzin hajmini talabdan kelib chiqib oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, aholini va bozorni avtobenzin bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida barcha hududlarda yetarli miqdorda yoqilg‘i zaxiralari shakllantirilgan. Avtobenzinga bo‘lgan talabni to‘liq qondirish masalasi davlat nazoratiga olingan va buning uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, xususiy avtozapravkalar egalari narxlarni sun’iy ravishda oshirmaslik, shuningdek yoqilg‘ini sifat va miqdor jihatidan to‘g‘ri sotishga chaqirildi. Ma’lum qilinishicha, bu boradagi nazorat tadbirlari kuchaytiriladi va narxlarning asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
«Shu kunga qadar birja savdolariga qo’yilayotgan kunlik 3,7 ming tonna benzin talab va taklifga qarab 5 ming tonnagacha oshirilishi ma’lum qilinadi», — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda AI-95 deb sotilgan benzin mashinani buzib qo‘ygani haqida yozgandi.