Yangiliklar

Moldova MDHdan chiqish jarayonini boshladi

MDH bilan imzolangan shartnomalarning 71 tasi allaqachon denonsatsiya qilingan
Foto: Sergio Delle Vedove/Zoonar/picture alliance

Rasmiy Kishinyov Moldovaning Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zoligi asosidagi uchta asosiy kelishuvni denonsatsiya qilish jarayonini boshladi. Bu haqda 19-yanvar kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri Mixay Popshoy Moldova radiosida e’lon qildi.

Vazir ushbu kelishuvlar bekor qilingandan so‘ng Moldovaning a’zoligi bir muncha vaqt oldin to‘xtatilganiga qaramay, endi mamlakat MDH a’zosi bo‘lmasligini ta’kidladi.

Moldova bosh vazirining o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri bu yerda 1993-yil 22-yanvarda Minskda imzolangan MDH Nizomi, 1991-yil 8-dekabrdagi MDHni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim va 1991-yil 22-dekabrdagi ushbu bitimga ilova haqida gap ketayotganini aytdi. Popshoyning so‘zlariga ko‘ra, denonsatsiya jarayoni allaqachon boshlangan va parlament a’zolari tegishli hujjatlarni yangi parlament sessiyasining boshida ko‘rib chiqadi.

«Biz hukumat protseduralarini fevral oyining o‘rtalariga qadar yakunlaymiz, shundan so‘ng qaror parlament tomonidan qabul qilinadi», – deydi vazir.

Mixay Popshoy Moldovaning MDHga a’zolik shartnomalarining bekor qilinishini mamlakatning Yevropaga yo‘nalishini mustahkamlashdagi muhim qadam deb atadi.

Moldova tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, Moldova Respublikasi MDH bilan jami 283 ta shartnoma imzolagan, ulardan 71 tasi allaqachon denonsatsiya qilingan va yana 60 tasi denonsatsiya jarayonida. Shu bilan birga, Popshoyning aytishicha, Kishinyov iqtisodiy foyda keltiradigan yoki fuqarolar uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan shartnomalardan, agar ular mamlakatning Yevropa yo‘nalishiga zid kelmasa, voz kechmoqchi emas.

Avvalroq «Kursiv» MDH yetakchilari Sankt-Peterburgda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olgani haqida yozgandi.