Oʻzbekiston va Italiya strategik sheriklikni yanada mustahkamlaydi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
2025-yil may oyida Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Turli darajalarda faol muloqotlar davom etayotgani, tovar ayirboshlash hajmi va qoʻshma korxonalar soni barqaror oshib borayotgani ta’kidlandi. Hududlararo aloqalar, jumladan Lombardiya bilan hamkorlik rivojlanmoqda, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolari uchun tartibli mehnat migratsiyasi kvotalari ajratilgan.
«Finopera», «ANCI», «Pietro Fiorentini», «Danieli» va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlikda yirik sanoat kooperatsiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. Oʻtgan yil oxirida Samarqand shahrida Tushia universiteti filiali ochilgani qayd etildi.
Joriy yilda tashqi siyosat idoralari strategik muloqoti, hukumatlararo komissiya yigʻilishlari hamda ikkinchi Rektorlar forumini oʻtkazish rejalashtirilgan. Toʻqimachilik, geologiya, energetika, kimyo, qurilish materiallari, moliya bozori va boshqa ustuvor sohalardagi qoʻshma loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, Italiyada Oʻzbekiston, Oʻzbekistonda esa Italiya kinosi kunlarini oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishildi. Oʻzbekistonning navbatdagi Venetsiya biyennalesida ishtirok etishi hamda joriy yilda Milanda amaliy sanʼat va muzey koʻrgazmalarini tashkil etish rejalari qoʻllab-quvvatlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Tashqi siyosat konsepsiyasi yangilanishi haqida xabar bergan edik.