
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Markaziy Osiyoda ilk bor FIFA Series xalqaro turniri o‘tkaziladi. Musobaqada ishtirok etadigan barcha milliy terma jamoalar nomi rasman e’lon qilindi. Bu haqda O‘FA xabar berdi.

FIFA tomonidan yo‘lga qo‘yilgan ushbu musobaqa har ikki yilda bir marta tashkil etiladi. Loyiha doirasida turli konfederatsiyalarga mansub terma jamoalar o‘rtasida xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Musobaqa to‘rt jamoa ishtirokidagi mini-turnirlar shaklida bitta markazlashgan mezbon davlatda bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekistonda o‘tadigan bahslarda mezbonlardan tashqari Gabon, Trinidad va Tobago hamda Venesuela milliy terma jamoalari g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA reytingida O‘zbekiston terma jamoasi ikki pog‘ona pastlagani haqida xabar bergan edi.