
FIFA Afrika Millatlar kubogidan so‘ng milliy terma jamoalarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon reytingida 52-o‘ringa joylashdi.
Yangi ro‘yxatda O‘zbekiston hisobidagi ochkolar soni o‘zgarmagan (1462,03), biroq boshqa jamoalardagi natijalar evaziga vakillarimiz avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan ikki pog‘ona pastlagan. Bunga Fabio Kannavaro shogirdlarining yanvar oyida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari yoki o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazmagani sabab bo‘ldi.
Shunga qaramay, O‘zbekiston Osiyoning eng kuchli besh jamoasi qatoridagi o‘rnini saqlab turibdi. Qit’a reytingida yuqori o‘rinlarni Yaponiya (1650,12), Eron (1617,02), Janubiy Koreya (1599,45) va Avstraliya (1574,01) band etgan.
Reytingda hamon amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya terma jamoasi yetakchilik qilmoqda (1877,18 ochko). Ikkinchi o‘rinda Jahon chempioni Argentina (1873,33) borayotgan bo‘lsa, kuchli uchlikni Fransiya (1870) yakunlab berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilni O‘zbekiston terma jamoasi FIFA reytingida 50-o‘rin bilan yakunlagani haqida xabar bergan edi.