
Red Magic brendi Xitoyda yangi o‘yin smartfoni Red Magic 11 Air modelini namoyish etdi. Smartfon korpusi atigi 7,85 mm qalinlikka ega bo‘lsa-da, unda faol sovitish tizimi joylashtirilgan.
Model 6,85 dyuymli AMOLED ekran bilan jihozlangan. Displey 1,5K aniqlik va 144 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Old kamera 16 MP bo‘lib, ekran ostiga yashirilgan. Shu sababli displeyda hech qanday kesma yo‘q. Ekran ramkalari 1,25 mm ni tashkil etadi, foydali maydon esa 95,1% ga yetadi.
Magic 11 Air Snapdragon 8 Elite Gen 5 protsessoriga asoslangan. O‘yin jarayonlarini Redcore R4 maxsus chipi qayta ishlaydi. ICE sovitish tizimi tarkibiga RGB yoritgichli ventilyator, katta bug‘lanish kamerasi va ekran ostidagi grafen qatlami kiradi. Ishlab chiqaruvchi bu tizim kadrlar chastotasini barqaror saqlashda raqobatchilardan ustunligini ta’kidlamoqda.

Smartfon 7000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. 120 Vt tezkor quvvatlash qo‘llab-quvvatlanadi. Shuningdek, o‘yin vaqtida batareyani chetlab o‘tib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tarmoqdan quvvatlanish imkoniyati mavjud.
Qurilmada yon tomonda sensor o‘rnatilgan, ularning so‘rov chastotasi 520 Hz ni tashkil etadi. Smartfon ichida PC-o‘yinlarni ishga tushirish uchun emulyator ham bor. Bundan tashqari, sun’iy intellekt yordamchisi tarjima qilish, tasvir bo‘yicha qidirish va o‘yin vaqtida maslahat berish funksiyalarini taqdim etadi.
Magic 11 Air ikki talqinda sotuvga chiqarildi. 12/256 GB xotirali versiya $500 ga baholangan. 16/512 GB xotirali variant esa $600 turadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nubia Red Magic 11 Air o‘yin smartfonini namoyish etgani haqida yozgan edi.