Gadjetlar

Samsung Galaxy A57 dizayni ko‘rsatildi

Dux Ducis o‘z saytida ushbu model uchun aksessuarlarni joylashtirgan
Foto: Dux Ducis

Samsung kompaniyasining yaqinda taqdim etiladigan Samsung Galaxy A57 smartfoni dizayni internetda paydo bo‘ldi. Dux Ducis o‘z saytida ushbu model uchun aksessuarlarni joylashtirgan.

Rasmiy materiallarga ko‘ra, Galaxy A57 ekrani atrofidagi romlar juda ingichka bo‘lmaydi. Asosiy kamera esa uchta moduldan iborat bo‘lib, ularning barchasi bitta kapsula shaklidagi blokka joylashtirilgan. Qiziq jihati shundaki, aynan shunday kamera dizayni kelajakdagi flagman Galaxy S26’da ham qo‘llanishi kutilmoqda. Avvalroq Dux Ducis Galaxy S26’ning ham tashqi ko‘rinishini namoyish etgan edi.

Foto: Dux Ducis

Manbalarga ko‘ra, Samsung Galaxy A57 taqdimoti fevral oyining boshlarida bo‘lib o‘tishi mumkin. Smartfon Exynos 1680 protsessori bilan jihozlanishi kutilmoqda. Displey masalasida esa Samsung bu modelda Xitoy kompaniyasi ishlab chiqargan ekranlardan foydalanishi ehtimoli bor. Bunday yechim qurilma narxini pasaytirishga xizmat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung nosoz SSD uchun ikki barobar ko‘proq kompensatsiya to‘lashi haqida yozgan edi.