Avto

Toyota Land Cruiser 300 Sharqiy Yevropada ham ishlab chiqariladi

Yevropa bozorida xaridorlarga faqat besh o‘rindiqli uchta komplektatsiya taklif etiladi
Foto: Toyota

Toyota o‘zining flagman yo‘ltanlamasi – Toyota Land Cruiser 300 gibrid talqinining savdo geografiyasini kengaytirishini e’lon qildi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2026-yil yanvaridan boshlab elektromobillashtirilgan Land Cruiser 300 Sharqiy Yevropaning tanlangan bozorlarida sotuvga chiqariladi. Yangi gibrid talqin Land Cruiser 300 tarixidagi eng kuchlisi bo‘ldi. Kuch qurilmasi 3,5 litrli, ikki turbinali V6 benzin dvigateli va elektr motor kombinatsiyasidan iborat. Elektr motor 10 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi bilan dvigatel orasiga joylashtirilgan. Umumiy quvvat 457 ot kuchini, aylantiruvchi moment esa 790 Nm’ni tashkil etadi. Gibrid versiya 0 dan 100 km/soatgacha tezlanishda 3,3 litrli biturbo dvigatelli talqindan ham tezroq.

Foto: Toyota

Gibrid tizim avtomobilga 30 km/soat tezlikkacha to‘liq elektr rejimida harakatlanish imkonini beradi. Energiya manbai sifatida suv o‘tkazmaydigan maxsus qobiqqa joylashtirilgan nikel-metallgidrid batareya qo‘llanilgan. Shu sababli yo‘ltanlamas 700 mm chuqurlikdagi suv to‘siqlaridan bemalol o‘ta oladi.

Model elektr rul kuchaytirgichi bilan jihozlangan. Shuningdek, off-road ixlosmandlari uchun barcha an’anaviy tizimlar saqlab qolingan. Ular orasida Multi-Terrain Select, Crawl Control past tezlik rejimi va avtomobil tag qismida joylashgan kameralar orqali atrofni ko‘rsatib beruvchi 360 daraja tizimi bor.

Foto: Toyota

Yevropa bozorida xaridorlarga faqat besh o‘rindiqli uchta komplektatsiya taklif etiladi. VX bazaviy talqini 18 dyuymli disklar, to‘liq LED-optika, ikkita 12,3 dyuymli ekran, 14 dinamikli JBL audio tizimi va to‘rt zonali iqlim nazorati bilan ta’minlanadi. ZX o‘rta talqini aerodinamik kuzov bezagi, moslashuvchan osma tizim, proyeksiya displeyi va orqa bloklovchi differensialga ega. Eng yuqori GR Sport esa ekstremal off-road uchun mo‘ljallangan bo‘lib, e-KDSS ilg‘or stabilizatsiya tizimi bilan ajralib turadi. Ushbu tizim osma yurish imkoniyatini maksimal darajaga chiqaradi.

Yevropa bozori uchun gibrid Toyota Land Cruiser 300 narxi hozircha e’lon qilinmagan. Taqqoslash uchun, model avvalroq taqdim etilgan BAA bozorida 389 900 dirhamdan, ya’ni taxminan $106 mingdan boshlanadi. Shuningdek, 2026-yilning birinchi yarmida ushbu gibrid versiya Avstraliyaga ham yetib borishi tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Toyota RAV4 Yevropada savdoga chiqarilgani haqida yozgan edi.