Vengriyaning MOL kompaniyasi «Gazprom»ning Serbiyadagi ulushini sotib oladi

Vengriyaning yirik neft-gaz guruhi bo‘lmish MOL Rossiyaning Gazprom neft kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, MOL Serbiyaning Neftyanaya industriya Serbii kompaniyasidagi 56,15 foiz nazorat paketini sotib oladi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Mazkur bitim Serbiya kompaniyasiga AQSh sanksiyalari ta’siridan chiqish imkonini berishi kutilmoqda. Vashington tomonidan Gazprom’ga qarshi joriy etilgan cheklovlar 2025-yil oktabr oyida Rossiya konserni nazoratidagi «Neftyanaya industriya Serbii» faoliyatiga ham ta’sir o‘tkazgan edi.

«Neftyanaya industriya Serbii» Serbiyaning benzin va dizel yonilg‘isiga bo‘lgan ehtiyojining qariyb 80 foizini ta’minlaydi. Biroq sanksiyalar kuchga kirgach, noyabr oyida kompaniyaga tegishli Serbiyadagi yagona neftni qayta ishlash zavodi o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Vaziyat keskinlashgach Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich kompaniya milliylashtirilishining oldini olish maqsadida Gazprom’dan o‘z aksiyalarini sotishni so‘ragan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Gazprom»ning Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish hajmi 22 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.