
O‘zbekiston Milliy banki Zomin tumanida joylashgan kanat yo‘lini auksion orqali sotdi. Savdolar E-auksion platformasida bo‘lib o‘tdi.
Auksionga kanat yo‘lini boshqaruvchi Zomin Ropeway kompaniyasining 100 foiz ulushi qo‘yildi. Savdolar yakuniga ko‘ra, g‘olib sifatida Ref Ropeway Invest kompaniyasi e’tirof etildi. Xarid summasi 215,067 mlrd so‘mni tashkil etdi va mablag‘ to‘liq to‘langan.
Davlat xizmatlari yagona reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Ref Ropeway Invest kompaniyasi 2025-yil dekabr oyi oxirida Toshkent shahrida tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi dam olish va ko‘ngilochar xizmatlarni tashkil etish hisoblanadi.
Kompaniyaning ustav fondi 65 mlrd so‘mni tashkil etadi. Ref Ropeway Invest’ning yagona ta’sischisi sifatida Feruza Fayziyevna Boboyeva ko‘rsatilgan. Shuningdek, u China-Auto Motors kompaniyasining ham 100 foiz ulushiga egalik qiladi. Ushbu kompaniya avtotransport vositalarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda fermerning 500 gektar yeri o‘zidan bexabar auksionga chiqarilgani haqida yozgandi.