
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha idorasi 2025-yilda qatl etishlar soni keskin oshganini qayd etdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Eronda 2025-yilda kamida 1500 kishi qatl etilgan. Barcha qatllarning kamida 47 foizi giyohvandlik moddalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun amalga oshirilgan. Saudiya Arabistonida kamida 356 kishi qatl etilgan, bu 2024-yilda o‘rnatilgan avvalgi rekorddan oshib ketdi. 2022-yilning oxirida bunday jazolar qayta tiklanganidan so‘ng qatllarning 70 – 80 foizi narkotik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun bo‘lgan. BMTga ko‘ra, bolalikda sodir etilgan jinoyatlar uchun kamida ikki mahbus qatl etilgan, bu esa bolalar huquqlari borasida jiddiy xavotirlarni keltirib chiqaradi.
Qo‘shma Shtatlarda 2025-yilda 47 ta qatl ijro etilgan, bu so‘nggi 16 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich. 2024-yildan beri birinchi marta gaz bilan bo‘g‘ish usuli qo‘llandi, bu esa qiynoq va shafqatsizlik ehtimoli haqida xavotirlarni kuchaytirdi. Tashkilotga ko‘ra, Afg‘onistonda xalqaro inson huquqlari standartlarini buzib, ommaviy qatl qilish davom etmoqda. 2025-yil 11-aprelda qotillikda ayblangan 4 kishi Badg‘is, Nimroz va Farah viloyatlaridagi sport stadionlarida qurbonlarning qarindoshlari tomonidan qatl qilindi. 2021-yil avgustdan beri rasmiylar bir nechta ommaviy qatllarni amalga oshirdi.
Bundan tashqari, Somalida kamida 24 kishi va Singapurda 17 kishi qatl etilgan. Xitoy va Shimoliy Koreyada o‘lim jazosining qo‘llanilishi haqidagi ma’lumotlar sir saqlanadi, bu esa aniq ma’lumotlarni olishni qiyinlashtiradi. Yaqinda Belarus milliy xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash qonunchiligiga binoan o‘lim jazosi bilan jazolanadigan jinoyatlar ro‘yxatini kengaytirdi.
O‘tgan yili bir nechta davlatlar o‘lim jazosi sonini kamaytirish choralarini ko‘rdi. Vyetnam o‘lim jazosi bilan jazolanadigan jinoyatlar sonini kamaytirdi. Pokiston ushbu jazo bilan jazolanadigan jinoyatlar ro‘yxatidan ikkita zo‘ravonliksiz jinoyatni olib tashladi va 29 tasini saqlab qoldi. Zimbabve o‘ta og‘ir deb hisoblanmaydigan jinoyatlar uchun o‘lim jazosini bekor qildi. Keniya o‘lim jazosi qoidalarini qonuniy qayta ko‘rib chiqishni boshladi va Malayziyada jazolarni qayta ko‘rib chiqish qatl etilishi kerak bo‘lgan odamlar sonini 1000 dan ortiqqa kamaytirdi. Qirg‘izistonda Konstitutsiyaviy sud o‘lim jazosini taqiqlashni qo‘llab-quvvatladi va uni qayta tiklash to‘g‘risidagi qonun loyihasini konstitutsiyaga zid deb e’lon qildi.
Avvalroq «Kursiv» Janubiy Koreya sobiq prezidentiga o‘lim jazosi so‘ralayotgani haqida yozgandi.