Avto

BYD Song Plus elektromobili −30 darajali sovuqda sinaldi

Modelning natijalari amaliy jihatdan muhim xulosalarni ko‘rsatdi
Qozog‘istonlik videobloger Timur Mustafayev BYD Song Plus elektromobilini qattiq qish sharoitida sinovdan o‘tkazdi
Foto: BYD

Elektr avtomobillarning qishki sharoitda qanchalik samarali ekani ko‘plab haydovchilarni qiziqtiradi. Ayniqsa, sovuq iqlimli hududlarda elektromobil tanlashdan oldin uning real masofa zaxirasi, energiya sarfi va ekspluatatsiya xarajatlari muhim ahamiyat kasb etadi. Qozog‘istonlik videobloger Timur Mustafayev BYD Song Plus elektromobilini qattiq qish sharoitida sinovdan o‘tkazdi va uning natijalari amaliy jihatdan muhim xulosalarni ko‘rsatdi.

Mundarija:

Qayerda va qachon

Foto: Ochiq manba

Sinov Qozog‘istonning eng uzun va mashhur yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan Olmaota – Astana trassasida o‘tkazildi. Umumiy masofa 1 300 kilometrni tashkil etdi. Harakat jarayonida havo harorati yo‘l boshida 0 daraja atrofida bo‘lgan bo‘lsa, trassa davomida −25…−30 darajagacha tushdi. Kuchli shamol, qor bo‘ronlari va haqiqiy qish sharoiti sinovni yanada murakkablashtirdi. Avtomobil 90–120 km/soat tezlikda, kruiz-nazorat va salon ichida 23–25 daraja haroratda harakatlangan.

Qaysi model sinaldi

Foto: Ochiq manba

Testda foydalanilgan avtomobil BYD Song Plus EV Flagship komplektatsiyasida bo‘lib, 87 kVt·soat sig‘imga ega LFP batareya bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotlariga ko‘ra, uning maksimal yurish masofasi 602 kilometrni tashkil etadi. Tezkor zaryadlash quvvati esa 140 kVtgacha yetadi. Zaryadlash uchun Kazak Energy Charge va MyCharge tarmoqlaridan foydalanilgan.

Natija qanday

Foto: Videodan ekran tasviri

Sinov natijalari shuni ko‘rsatdiki, qish sharoiti real masofa zaxirasiga sezilarli ta’sir qiladi. Olmaotadan Burilbaytalgacha bo‘lgan 325 kilometrlik birinchi bosqichdan so‘ng batareya zaryadi atigi 7 foizda qolgan. Ushbu yo‘lakda o‘rtacha energiya sarfi 24,6 kVt/soat/100 km ni tashkil etdi. Iliq mavsumda ayni avtomobil bu ko‘rsatkichni taxminan 20 kVt/soat darajasida ushlab turgan.

Keyingi yo‘nalishda, harorat −18 daraja bo‘lgan sharoitda, energiya sarfi 26 kVt·soatgacha oshgan va real yurish masofasi 300 kilometr atrofida shakllangan. Safarning yakuniy qismida esa −22…−30 darajali sovuq, kuchli qarshi shamol va pechkaning faol ishlashi natijasida sarf 32 kVt/soat/100 km gacha yetgan. Bu elektromobillar uchun sovuq harorat masofani qisqartiruvchi asosiy omil ekanini yana bir bor tasdiqladi.

Modelning xarajatlari qancha?

Foto: Depositphotos

Butun marshrut davomida avtomobil jami 380 kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qilgan. Zaryadlash narxi o‘rtacha 1 kVt/soat uchun 70 tenge ($0.14) bo‘lgan. 1 300 kilometr yo‘l bosish uchun sarflangan umumiy xarajat 26 600 tenge ($52), ya’ni taxminan 625,5 ming so‘mni tashkil etdi. Muhim jihat shundaki, sovuq ob-havoga qaramay, zaryadlash stansiyalari barqaror ishlagan va navbatlar kuzatilmagan.

Taqqoslash uchun, ushbu masofa benzinli krossover bilan bosib o‘tilganda, 100 kilometrga o‘rtacha 10 litr yoqilg‘i sarf bo‘ladi. 1 300 kilometr yo‘l uchun taxminan 40 500 tenge ($79) xarajat talab etiladi. Bu esa elektromobil qishda ham benzinli avtomobilga nisbatan qariyb 1,5 baravar arzonroq ekanini ko‘rsatadi.

Test natijasi

Foto: Ochiq manba

Sinov yakunlari shuni ko‘rsatdiki, BYD Song Plus EV qattiq qish sharoitida ham uzoq masofali safarlar uchun mos. Haqiqiy sovuqda masofa zaxirasi o‘rtacha 300 kilometr atrofida bo‘lsa-da, xarajatlarning pastligi, zaryadlash infratuzilmasining barqaror ishlashi va umumiy foydalanish qulayligi uning afzalliklarini saqlab qoladi. Faqatgina bunday sharoitda safarni oldindan puxta rejalashtirish va harorat masofaga ta’sir qilishini hisobga olish muhim.

На электричке в -30°С. Зимний тест BYD Song Plus EV

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Matiz 2026 avtomobilida nimalar yangilangani haqida yozgan edi.